Kitob tumanidagi tog‘li Tuyaboshi qishlog‘ida О‘zbekiston xalq hofizi О‘lmas Saidjonov tahsil kо‘rgan 65-maktab joylashgan. Yaqinda maktabda bо‘lib о‘tgan xotira tadbiri "Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman" shiori ostidagi kitob aksiyasi bilan qо‘shilib ketdi. Respublikamizning turli hududlarida ishlaydigan maktabning sobiq bitiruvchilari jonajon о‘quv maskaniga bir yо‘la kitob sovg‘asi bilan kelishdi.

Ma’lumki, Prezidentimizning yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish va ularning bо‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan 5 ta muhim tashabbuslaridan biri yoshlar о‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish hamda kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan. Ayniqsa, "Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman" shiori ostida boshlangan harakat tobora ommaviy tus olmoqda. Buni Kitob tumanida о‘tgan kitob marafoni va undan keyingi kitob aksiyalari misolida ham kо‘rish mumkin.

Kitob marafoniga sobiq bitiruvchilar, ota-onalar,  korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari, mutaxassislari, tadbirkorlar, fermerlar va boshqa soha vakillari jalb etildi. Kitob dо‘konlariga Yozuvchilar uyushmasi viloyat bо‘limi tomonidan tavsiya etilgan adabiyotlar olib kelindi. Kо‘chma savdolar tashkil etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda bitiruvchilar, turli soha vakillari qadrdon maktablariga qanday kitob sovg‘a qilganlarini aks ettirib bordilar.

Tadbirda tumandagi 2-, 4-, 5-, 52-sonli maktablarning har biri  kutubxonasi fondi mingdan ortiq kitob bilan boyidi. Fermer Nasiba Nurova, tadbirkor Husniddin Mirzayev, shuningdek, Zamira Beknazarova, Sherali Elmurodov, Solijon Ibragimov, Jamshid   Shokirov, Yо‘lchi О‘rinov singari sobiq bitiruvchilar о‘zlari tahsil kо‘rgan 35-, 52-, 5-, 4-, 49-maktablarga 30-70 donadan kitob sovg‘a qilishdi.

"Bilim manbai, ilm shamchirog‘i,  ma’naviyat sarchashmasi - kitoblar sizning ma’naviy-ma’rifiy qarashlaringizni, dilingizdagi ezgu xislatlaringizni va orzu-umidlaringizni birlashtirib, hayot maydonining eng yuksak chо‘qqilariga chorlasin".

Maktabning sobiq bitiruvchisi, respublika Markaziy banki boshqarma boshlig‘i Adhamjon Rajabov qadrdon maktabiga kitob sovg‘a qilarkan, dilidagilarni ana shunday ifodaladi. Sobiq bitiruvchi, tadbirkor Ahror Bozorov esa maktabga taqdim etilgan kitoblardan nafaqat о‘quvchi yoshlar, ularning oila a’zolari ham bahra olishi, о‘qishi lozimligi haqida gapirdi. Sobiq bitiruvchi,  "Asombobo" MCHJ rahbari Xushvaqt Asomov maktabiga 100 dan ortiq kitob sovg‘a qilarkan, yoshlarni kitobxonlikka qaytarishda davlat rahbarining tashabbusi qanchalik muhim ahamiyat kasb etayotganini aytdi.

Tumanda "Qadrdon maktabimga kitob sovg‘a qilaman" shiori ostida boshlangan harakat natijasida  maktab kutubxonalari fondi yana 40 ming donadan oshiq kitob bilan boyidi.  Gap endi ularni о‘qishda, uqishda va hayotga tatbiq etishda.

 Lola О‘ROQOVA,

Kitob tumani

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

25-05-2019 |
Foto galereya