Tabiatni himoya qilish bugun insoniyat kelajagiga daxldor masala sifatida bо‘y kо‘rsatib ulgurdi. Shunga muvofiq, endi bu ishga barcha birdek daxldor sanaladi.

Yaqinda viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasiga kelib tushgan murojaat asosida Yakkabog‘ ixtisoslashtirilgan davlat о‘rmon xо‘jaligi hamda "Hisor" davlat qо‘riqxonasi hududlarida noqonuniy ov qilish (brokonerlik) holatlari sodir bо‘layotganligi xabari olingan.

Binobarin, viloyatimizning tog‘li, eng sо‘lim gо‘shalarini о‘z ichiga olgan bu hududda kо‘plab kamyob, yо‘qolib borayotgan о‘simliklar, hayvonlar, qushlar mavjud. Ularning bir qanchasi "Qizil kitob"ga kiritilgan.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining tо‘rt nafar inspektori tomonidan murojaat bо‘yicha xolislar ishtirokida  ikki kun davomida hududdagi holat о‘rganildi.

Birinchi kun guruh erta tongdan Yakkabog‘ tumanining Tatar qishlog‘idan Yakkabog‘ ixtisoslashtirilgan davlat о‘rmon xо‘jaligi hududi bо‘ylab harakatlandi. Shunda sо‘qmoq yо‘ldan pastga tomon  kelayotgan bir otliq va ikki nafar piyoda kishi e’tiborni tortdi. Ularning birida ov miltig‘i mavjud edi.

Inspektorlar о‘zlarini tanishtirib, ularning qо‘lidagi xaltalarni kо‘zdan kechirganda, bitta yarador kaklik hamda 1,5 kilogramm miqdordagi О‘zbekiston Respublikasi "Qizil kitobi"ga kiritilgan rо‘yan о‘simligi borligi aniqlandi. E’tiborli tomoni, ularda na ov qilish, na dorivor о‘simlikni terish uchun tegishli ruxsatnoma yо‘q edi.

Daliliy ashyolar hujjatlashtirib olingach, yana harakat davom ettirildi. Kun peshindan og‘ganda о‘rmon xо‘jaligi hududida noqonuniy qurib olingan chaylaga duch kelindi. U yerda ikki kishi yonida ov miltiqlari bilan turardi.

О‘tkazilgan savol-javoblar davomida aniq bо‘ldiki, Kasbi tumanining Toshqо‘rg‘on qishlog‘ida yashovchi ushbu fuqarolar noqonuniy ravishda ovchilik bilan shug‘ullangan, ayni paytda ham 3 ta kaklikni ovlashga ulgurishgan ekan.

Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgach, yana nazorat harakati davom ettirildi. Balandlikka kо‘tarilgan sari qor qalinlashar, sovuq kuchayar, buning ustiga kech kirib, atrofga qorong‘ilik о‘z pardalarini yoya boshlayotgan edi.

Guruh tunni Hisor davlat qо‘riqxonasi Qizilsuv bо‘limining qо‘riqxona uyida о‘tkazdi. Tong otganda ma’lum bо‘ldiki, qо‘riqxona ishchi otlari uchun qurilgan ayvonda 41 bosh yirik shoxli chorva mollari boqilayotgan ekan. Aniqlanishicha, ushbu qoramollar qо‘riqxona bо‘lim boshlig‘iga tegishli bо‘lib, hududda noqonuniy ravishda parvarishlab kelingan. Holat yuzasidan hujjatlashtirish ishlari hal etilgach, yana ortga qaytildi.

Ikkinchi kuni kechga yaqin Tatar qishlog‘i hududida yana bir noqonuniy holat aniqlandi. Shu qishloqlik fuqaro tegishli ruxsatnomasiz bir quyonni ovlab kelayotgani ravshanlashdi.

Albatta, bu ikki kun davomida, bir yо‘nalish bо‘yicha olib borilgan о‘rganishlarda aniqlangan holatlar. Noqonuniy ovchilik, о‘simliklarni yig‘ish yoki muhofaza etiladigan hududlardan noqonuniy foydalanish  holatlari yuzasidan ushbu fuqarolarga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy chora qо‘llanildi. Ammo bunday ishlar yana davom etmasligi uchun о‘rmon xо‘jaliklari, qо‘riqxona rahbariyatlari ham e’tiborli bо‘lishi, о‘z hududlarini ishonchli muhofaza etish choralarini kо‘rishlari maqsadga muvofiq.

Sherzod SALOMOV,

boshqarma mas’ul xodimi

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

17-04-2019 |
Foto galereya