Viloyat hokimligida xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
 
- O‘tgan yili 11-oktabrda bo‘lgan saylovoldi uchrashuvida, sizlar bilan birga Qashqadaryoni kelgusi besh yilda rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash bo‘yicha katta maqsadlarni qo‘ygan edik, - dedi Prezident. - Kecha Qashqadaryoni ertalabdan kechgacha aylanib, odamlarning ko‘ziga qarab, shu rejalarimizga odamlar ishonyaptimi, o‘zgarishlarni sezyaptimi, deb e’tibor berdim. Bularni kim qiladi? Rahbar qiladi - fidoyi, xalqini sevadigan, elni birlashtiradigan rahbar. Agar fidoyi hokim kelsa, odamlar darrov sezadi.
 
Shuningdek, davlatimiz rahbari hozirgi tahlikali zamonda ichki imkoniyatlarga tayanish va ularni samarali ishga solish zarurligini ta’kidladi.
 
- Qayerga uddaburron rahbar qo‘yilgan bo‘lsa, natija bo‘layapti. Qashqadaryoga, 3 yarim milliondan ko‘p aholisi bo‘lgan elga rahbar bo‘lish oson emas. Bunday rahbar topish ham oson emas. Qashqadaryoning yeri boy, tuprog‘i unumdor, odamlari mehnatkash. Faqat ularni birlashtirib, yelkadosh bo‘lib, halol ishlash kerak. Hokimni hokim qiladigan, uni ishini ko‘rsatadigan shu xalq. Mahalliy deputatlar, nuroniylar, umuman, odamlar befarq bo‘lmasa, Qashqadaryoning qadamlari tezlashadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rilib, 2021-yil noyabr oyidan buyon viloyatimiz hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Azimov Murotjon Berdialiyevich nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi va Xalq deputatlari, mehnat faxriylari, xotin-qizlar va yoshlar so‘zga chiqib, nomzodni qo‘llab-quvvatladi hamda ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Murotjon Azimov viloyatimiz hokimi etib tasdiqlandi.
23-04-2022 |
Foto galereya