Kuni kecha Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev saylovchilar bilan uchrashish va davlat rahbari sifatida bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida viloyatimizga tashrif buyurdi.
 
Prezident dastlab Qarshi tumanida joylashgan tarixiy Abu Mu’in Nasafiy majmuasini ziyorat qildi va Qur’on tilovat qilindi.
 
XI asrda yashagan mutafakkir Moturidiya ta’limotining davomchisi, aqida ilmining yetuk bilimdoni sifatida Islom dini sofligini saqlagan va adashganlarni ma’rifat bilan to‘g‘ri yo‘lga boshlagan. Lekin uzoq yillar uning merosi ham, qadamjosi ham e’tibordan chetda qolib ketgan edi.
 
Prezident tashabbusi bilan obod va ulkan ziyoratgohga aylantirilgan maqbarada olib borilgan bunyodkorlik ishlari ko‘zdan kechirildi.
 
 
Shuningdek, bu yerda yangi masjid, muzey, kutubxona va ma’muriy binolar qurilgan bo‘lib, daraxtlar va gullar ekilgan holda so‘lim bog‘ tashkil etilgan. Abu Mu’in Nasafiy kitoblarining nomi va o‘gitlari yozib qo‘yilgan. Shu bilan birga XI asrga oid yodgorlik va quduq, XIII asrda qurilgan eski masjid ham saqlanib qolgan.
 
Prezidentimiz yangi masjid va muzeyni kirib ko‘rdi. Muzeyda Abu Muin Nasafiyning hayoti va asarlari multimedia vositalari orqali aks ettirilgan. Bu yerda qadimgi Samarqand qog‘oziga bitilgan Qur’oni karimning asl nusxasi, matoga to‘qib yozilgan muqaddas oyatlar ham saqlanmoqda.
 
 
Shavkat Mirziyoyev alloma asarlari bugungi kunda ham dolzarbligini, ularning mag‘zini xalqimizga, yoshlarga yetkazish kerakligini ta’kidladi. Shu maqsadda Qarshi davlat universiteti qoshida Abu Mu’in Nasafiy nomida ilmiy markaz tashkil etish taklifini bildirdi.
12-10-2021 |
Foto galereya