"Oqsuv-Dehqonobod" magistral suv quvuri qurilishi mamlakatimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan eng yirik loyihalardan hisoblanadi.

Ta’kidlab о‘tish joiz, Dehqonobod tumanida aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi eng katta muammolardan biridir. Ayni paytda tuman aholisining atigi 2 foizigina markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan, qolgan 98 foiz aholi esa obi hayotni  turli manbalardan oladi. Iste’mol uchun yaroqsiz suvni ishlatishga majbur bо‘layotgan xonadonlar ham yо‘q emas.

"Oqsuv-Dehqonobod" loyihasi esa tumanning tog‘li Oqsuv hududidan olinadigan yer osti suvini aholiga yetkazib berishni nazarda tutadi. Bu juda murakkab ish bо‘lib, sodda til bilan aytganda, avval yer ostidan olingan suv asosiy inshootga qо‘yiladi, keyin esa magistral quvurga uzatiladi. Suv tepalikdan tushib kelgani bois uni haydash uchun hech qanday ortiqcha vositalar talab etilmaydi, tabiiy bosim natijasida barcha hududlarga birdek yetib boradi.

- Loyihaga kо‘ra, uzunligi 77 kilometr, diametri esa 273 millimetrdan 530 millimetrgacha bо‘lgan magistral suv quvuri tortish hamda bir kecha-kunduzda 10 ming 800 kub metr hajmda suv yig‘adigan "Oqsuv" inshootini barpo etish rejalashtirilgan, - deydi viloyat "Suvoqova" davlat unitar korxonasi rahbari Shavkat Murodov. - Shuningdek, qishloq aholi punktlarida 183 kilometrlik quvurlar montaj qilinishi, 310 kilometrlik suv tarmoqlari qurilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, magistral suv tarmog‘idan kelayotgan ichimlik suvini qishloq va mahallalarga taqsimlab berishga moslashtirilgan 16 ta suv taqsimlash inshooti va ikkita 500 kub metr hajmdagi suv saqlash hovuzi barpo etiladi.

Ayni paytda obyektda temir quvurlarni yotqizish, montaj va izolyatsiya qilish ishlari jadal davom ettirilayapti. Qurilish ishlarida bosh pudratchi "О‘zbekiston temir yо‘llari" aksiyadorlik jamiyatiga qarashli maxsus mexanizatsiyalash yо‘l stansiyasi va yana oltita  pudratchi tashkilot ishtirok etmoqda. 60 nafardan ortiq kishi, 50 dan ziyod maxsus texnika jalb etilgan.

- Korxonamiz jamoasi ham mana shu yirik loyihani amalga oshirishda qatnashmoqda, - deydi "Nasaf temir yо‘l kompleks montaj" mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchisi Sohibnazar Abduxoliqov.  - Albatta, bu yer tog‘li hudud bо‘lgani uchun ham qurilish ishlari ancha qiyin kechmoqda. Yuqori sifatli temir quvurlar Rossiyadan olib kelinayapti. Ular maxsus moslamalar yordamida ikki qavat qilib izolyatsiyalanib, sо‘ng payvand qilinadi. Mening ishim ham temir quvurlarni izolyatsiyalashdan iborat. Bu ularning chidamliligini oshirib, uzoq vaqt xizmat qilishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Shu bois ishni e’tibor bilan bajarishimiz talab etiladi.

Ushbu loyiha tо‘liq ishga tushirilgach, Dehqonobod tumanining 75 foiz hududi yoki, boshqacha aytganda, 117 ta qishloqda yashovchi 104 mingga yaqin aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini beradi.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

 

20-09-2019 |
Foto galereya