Bugungi sharoitda mehnatdan qochmagan, izlangan, intilgan, harakat qilgan kishi yaxshi daromad topayotgani, oilasi farovonligini ta’minlash bilan bir qatorda, jamiyat ravnaqiga ham hissa qо‘shayotgani ayni haqiqat. Kaftdekkina hovlisida biror bir faoliyat bilan shug‘ullanib, millionlab daromad olayotgan oilalar ham borki, ularni kо‘rib xalqimizning "Harakatga qarab barakat", degan naqli yodingizga tushadi.

Chiroqchi tumanining Kо‘ktosh mahallasida yashovchi Zokirjon Husanov ham bundan ikki yil avval bankdan kredit olib, hovlisining bir burchagidagi eski og‘ilxonani jihozlab, tovuq boqishni yо‘lga qо‘ygan edi. Bugun bu ish ortidan yaxshigina daromad kelmoqda.

- Ayni paytda 600 ta tovuq boqayapmiz, - deydi u. - Har kuni 500 tadan oshiq tuxum olamiz. Bitta tovuqqa kuniga 100 grammdan omixta yem zarur. Buning uchun о‘rtacha 120 ming sо‘m sarflanadi. Endi hisob-kitob qilib kо‘ring, kuniga 500 ta tuxumni 250 ming sо‘mga sotsak, 130 ming sof foyda qoladi. Bu bir oyda 4 million sо‘mga yaqin mablag‘ degani.

Xonadon sohibining aytishicha, 12 sotix tomorqa yeri bor. Bu joyda sabzavot va poliz mahsulotlarini ekib, olingan hosilni avvalo rо‘zg‘or uchun ishlatadi, iste’moldan ortganini bozorga chiqaradi. Bundan tashqari, ikki-uch bosh qoramol boqadi. Xullas, oila a’zolari doim hovlida qaysidir yumush bilan band, shunga yarasha asosiy daromad ham tomorqadan keladi. Bundan ruhlangan Zokirjon Husanov endi faoliyatni yanada kengaytirish niyatida.

- Shu yil hovlining ikki chetidan umumiy maydoni 5 sotixdan iborat ikkita issiqxona  qurdim, - deydi u. - Ana shu joyda kо‘chatchilik, pomidor, bodring yetishtirish bilan shug‘ullanayapman.  Issiqxona qurgan bir nechta kishilarning ishini kо‘rib, faoliyati bilan tanishib, о‘rganib keldim. Buning daromadi ochiq yerga qaraganda tо‘rt-besh barobar kо‘p bо‘larkan. Kelgusi yil qolgan 7 sotix yerni ham issiqxonaga aylantirishni maqsad qilganman. Yaxshi daromad topish, yaxshi yashash uchun imkoniyat bor ekan, bundan foydalanish zarur.

E’tiborli tomoni, Zokirjon Husanov kabi kishilarning faoliyati boshqalarga ham о‘rnak bо‘lmoqda. Uni kо‘rib oilaviy tadbirkorlikka qiziqishi ortayotgan, bor imkoniyatdan unumli foydalanish harakatiga tushganlar kо‘p.

- Mahallamizda 785 ta xonadonda 5 ming 31 kishi yashaydi, - deydi Kо‘ktosh MFY raisi Sunnatulla Xoliyorov. - Deyarli barcha oilalarning tomorqa yerlari mavjud. Avval kо‘pchilik tomorqaga unchalik ham e’tibor qaratmasdi. Bir-ikkita oila yaxshi ishlab, yaxshi daromad ola boshlagach, qо‘ni-qо‘shnilarda ham bunga qiziqish  ortmoqda. Sо‘nggi bir yil ichida о‘nlab oilalar issiqxona qurdi, parranda boqishni yо‘lga qо‘ydi. Boshlang‘ich sarmoyasi bо‘lmaganlar esa bankdan kredit olib ham ishni boshlamoqda. Misol uchun, joriy yilning о‘tgan vaqti mobaynida 19 ta oila imtiyozli kredit olib, oilaviy tadbirkorlikni boshladi. Yana 27 kishining kredit sо‘rab qilgan murojaatlari hududiy ishchi guruhlar tomonidan kо‘rib chiqilmoqda.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari  asosida

 

21-04-2019 |
Foto galereya