Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzaqov boshchiligidagi delegatsiya Qashqadaryo vohasiga tashrif buyudi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad viloyatimizda kichik biznesi rivojlangan mazkur vodiy hududi bilan yaqindan hamkorlikni rivojlantirish orqali aholi daromadlarini yanada oshirishga qaratilgan.
Qarshi xalqaro aeroportida viloyatimiz hokimi Murodjon Azimov boshchiligidagi mezbonlar Namangan hokimi rahbarlari, boshqarma, korxona-tashkilot rahbarlari va tadbirkorlardan iborat 150 kishidan ortiq delegatsiyani kutib olishdi hamda vodiylik tadbirkorlarga voha salohiyatining keng imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi va ilk taqdimot Qarshi shahridagi erkin iqtisodiy zonada yaratiladigan imkoniyatlarga bag‘ishlandi.
Shundan so‘ng, har ikkala viloyat rahbarlari, mas’ullar va tadbirkorlar ishtirokida Qarshi erkin iqtisodiy zonasiga tamal toshini qo‘yish marosimi o‘tkazilib, unda Murodjon Azimov hamda Shavkat Abdurazzaqov tomonlaridan ikki viloyat o‘rtasida hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgan kundan esdalik sifatida maxsus kapsulani fundamentga joylashtirishdi.
Jami 120 gektar yer maydonida loyihalashtirilgan mazkur erkin iqtisodiy zonaning 12,7 gektarida namanganlik 30 nafar tadbirkor tomonidan umumiy qiymati 28 million dollarlik ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishi rejalashtirilgan bo‘lib, shu kunning o‘zida ilk loyihaga ham tamal toshi qo‘yilgan holda vodiylik delegatsiya tarkibidagi tadbirkorlarga tegishli «ArtSoft Qarshi» MCHJ tomonidan umumiy qiymati 3 million dollarlik trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi barpo etiladigan bo‘ldi.
Qashqadaryoga tashrif buyurgan namanganlik delegatsiya mehmonlarining dastlabki manzili Qarshi tumanidagi «Abu Muin Nasafiy» majmuasi ziyoratidan boshlanib, u yerda Islom dini, xususan, aqida ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk alloma maqbarasida Qur’on tilovat qilishdi va majmuada tashkil etilgan kutubxona hamda muzey bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, mehmonlar tushlik vaqtida poytaxtdan tashrif buyurgan 200 nafardan ortiq madaniyat va san’at ahli tomonidan viloyatimizda "mahallabay" tarzda o‘tkazilayotgan "Madaniyat kunlari" tadbirlarining birida ishtirok etishdi. O‘z navbatida Qashqadaryo va Namangan hokimlari O‘zbekiston qahramoni qamashilik Abdumurod Bozorovning 80 yilligi tantanalarida ham qatnashib, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov tomonidan Abdumurod Bozorovga tantanali ravishda sarpo kiydirildi.
Bundan tashqari delegatsiya tarkibidagi tadbirkor va ishbilarmonlar uchun viloyatimizdagi qator ishlab chiqarish ob’yektlariga sayohatlar tashkil etildi. Jumladan, Qarshi shahridagi “Sulton Tex Group” XKning ip-kalava ishlab chiqarish va bugungi kunda tayyor mahsulotlarni xorijga eksport qilish bo‘yicha yetakchilardan biri bo‘lgan klaster faoliyati bilan tanishildi.
Yuqoridagi jarayonlardan so‘ng "Qashqadaryo-Namangan" ikkinchi biznes forumi o‘tkazildi. va unda Qashqadaryoning tuman hamda shahar hokimlari, tashkilot rahbarlari va ikki viloyat tadbirkorlari ishtirok etishdi.
- Men boshchiligimdagi Qashqadaryo rahbarlari viloyatimizda namanganlik tadbirkor va ishbilarmonlarni faoliyat boshlashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga tayyormiz, - dedi Murotjon Azimov. - Avvalo, o‘zaro hamkorlik uchun Namangan viloyati hokimiga ham o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bugungi loyihalarimiz taqdimoti, biznes forum jarayonlari faqatgina natija berishi kerak. Bu faqatgina bizni aholimizga, tadbirkorlarimizga foyda.
Yuqori darajada o‘tkazilgan biznes forum yakunidan so‘ng Qashqadaryo tuman (shahar) hokimlari namanganlik tadbirkorlarning loyihalarini o‘z hududlarida amalga oshirish maqsadida ular bilan muloqotlar o‘tkazishdi.
10-05-2022 |
Foto galereya