Qarshi shahridagi "Vatanparvarlar bog‘i"da "Yosh chegarachilar" harbiy-vatanparvarlik musobaqasining viloyat bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bо‘lib о‘tdi.

An’anaviy tarzda о‘tkazib kelinayotgan musobaqaning ushbu bosqichida chegara hududlarida joylashgan maktablar, kasb-hunar kolleji va akademik litseylar о‘quvchilaridan iborat 7 ta jamoa saflanish, saf qо‘shiqlarini kuylash, ijtimoiy-siyosiy va harbiy sohaga oid bilimlarini namoyish etishdi. Yugurish, turnikda tortilish borasida kuch sinashishdi.

Yakunda Nishon tumanidagi 13-maktabning "Amir Temur izdoshlari" jamoasi 1-о‘rinni qо‘lga kiritib, musobaqaning respublika bosqichida qatnashadigan bо‘lishdi. Keyingi о‘rinlarni band etgan G‘uzor tumanidagi  1-maktab о‘quvchilari hamda Shahrisabz agrosanoat kasb-hunar kolleji о‘g‘il-qizlari ham munosib rag‘batlantirildi.

Harbiy-vatanparvarlik sayli tarzida о‘tgan taqdirlash marosimi viloyat san’at ustalari, harbiy orkestr va yosh ijodkorlarning konsert dasturlari, harbiy xizmatchilar tomonidan tayyorlangan jang san’atiga oid kо‘rgazmali chiqishlar bilan yanada shukuhli bо‘ldi.

SOJIDA

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

17-04-2019 |
Foto galereya