Kun tartibi tо‘g‘ri taqsimlangan, vaqtini mazmunli о‘tkazayotgan yosh yigit-qizlardan jamiyatga foydasi tegadigan insonlar, о‘z sohasining bilimdonlari yetishib chiqishi aniq. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan, yoshlar ta’lim-tarbiyasi uchun qо‘shimcha sharoitlar yaratish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni о‘z ichiga olgan beshta tashabbus ham shu maqsadlarga xizmat qiladi. Yoshlarni madaniyat va san’at muassasalariga keng jalb etish shu tashabbuslarning birinchisidir.

- Bolaligidanoq san’atga oshno bо‘lgan kishidan yomonlik kutib bо‘lmaydi, - deydi Kitob tumanidagi 10-sonli musiqa va san’at maktabi direktori Latifa Rо‘ziyeva. - Axir yaratib, bunyod etib, ijod qilib о‘rgangan inson buzg‘unchilikka qodir bо‘lishi mumkin emas. Bunday yoshlar teran fikrlaydi, har bir masalaga oqilona yondashadi. Prezidentimiz ayni shu masalaga katta e’tibor qaratgani ham bejiz emas. Muassasamiz misolida aytadigan bо‘lsak, hozirda bu yerda 260 nafardan ziyod о‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga xalq cholg‘uchiligi, estrada va an’anaviy xonandalik, tasviriy va amaliy san’at, raqs va teatr kabi  12 yо‘nalish bо‘yicha saboq berilayapti. Yutuqlarimiz ham yetarlicha.

Shu maktabning boshlang‘ich sinf о‘quvchisi Umidjon Vahobov ayni paytda 7 yoshda. Zarbli cholg‘u asboblarini chalishga juda qiziqadi. Mazkur ta’lim muassasasiga uni buvisi yetaklab kelgan. Nevarasidagi havas va ishtiyoqni sо‘ndirgisi kelmagan, san’atga mehrini qadrlagan. Bugun Umidjon sevimli cholg‘u asbobi - doirani ajoyib mahorat bilan chertadi. Ustozi о‘gitidan pishgan bu bolaning qо‘li shu ishga allaqachon qovushgan. Yosh iste’dod sohibi tuman va viloyat miqyosidagi yirik tadbir va tanlovlarda kо‘zga kо‘rinib ham ulgurdi. Biroz avval "Kamalak yulduzlari" kо‘rik-tanlovining hududiy bosqichida birinchi darajali diplom bilan taqdirlandi.

Kitob tumanidagi ushbu bolalar musiqa va san’at maktabida Umidjonga о‘xshagan qobiliyatli yoshlar talaygina. Albatta, ularni hech kim shu yо‘nalishni о‘rganishga majbur qilmagan. Ishtiyoq va havas san’atga oshno bо‘lishga undagan asosiy omildir. Binobarin, bu intilish kelajakda ularni yanada yuqori marralar sari eltishiga shubha yо‘q. Davlat rahbari boshlab bergan tashabbus samarasi ham shunda namoyon bо‘ladi.

MIRJAHON

Sobir Narziyev olgan suratlar.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari  asosida

21-04-2019 |
Foto galereya