So‘nggi yillarda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri — jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni taʼminlash, do‘stlik muhitini va ko‘p millatli katta yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan qarash ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan keng miqyosdagi ishlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoidalari turmushga faol tatbiq etilmoqda, bu qoidalar O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari millatidan qatʼiy nazar O‘zbekiston xalqini tashkil etishini, shuningdek, mamlakat hududida yashovchi millat va elatlarning tili, urf-odati va anʼanalariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishni kafolatlaydi.
Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, Muhtaram Prezidentimizning 2017 yil 7 fevraldagi Farmoniga muvofiq tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”da ham aynan beshinchi ustuvor vazifa sifatida xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.
Bag‘rikenglik qon-qoniga singib ketgan xalqimiz azal-azaldan turli millat vakillari bilan og‘a-inilardek, do‘st-birodar bo‘lib yashagan. Tabiatan mehr-oqibatli, saxovatpesha xalqimiz sho‘rolar zamonida qatag‘onu quvg‘inga uchragan ko‘plab millat vakillariga o‘z uyidan boshpana berdi, og‘ir damlarda bir burda nonini ular bilan baham ko‘rdi. Bu o‘zbekona fazilatlardan bahramand bo‘lgan koreys, nemis, turk, polyak, yunon, qrim-tatar va boshqa millatlarga mansub kishilarning ko‘pchiligi shu elda doimiy qo‘nim topdi, xalqimizga xos do‘stona munosabatlar bois qaddini tikladi. Ularning zurriyodlari esa shu zaminda tug‘ildi, shu yerda taʼlim-tarbiya olib voyaga yetdi, shu maskanda oilali bo‘ldi, obro‘-eʼtibor qozondi. Ular uchun O‘zbekiston haqiqiy Vatan bo‘lib qoldi.
Millatlararo totuvlik istiqlol yillarida yana-da mustahkamlandi. Xalqimizning ming yillik anʼanalari, azaliy qadriyatlari qatorida millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik xislatlari yana-da yaqqolroq namoyon bo‘ldi.
Yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Qashqadaryo viloyatida ham 30 dan ortiq turli millat va elat vakillari o‘zaro tinch-totuv, birdamlik, bahamjihatlikda yurt ravnaqi, el farovonligiga munosib hissa qo‘shib yashab kelmoqdalar. Ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlash, taʼlim olishlari, o‘z qiziqish va layoqatlari bo‘yicha kasb-hunar egallashlari, madaniyat, urf-odat, anʼanalarini saqlash hamda rivojlantirishlari uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilgan. Barcha millat vakillari davlat boshqaruvi, iqtisodiy-ijtimoiy hamda madaniy jarayonlarda keng va erkin ishtirok etmoqda.
Ayni paytda viloyatda 6 ta, yaʼni viloyat Rus, Tatar-Boshqird, Turkman, Tojik, Arab milliy madaniy markazlari hamda Tojik markazining Dehqonobod tumani bo‘limi faoliyat yuritib kelmoqda.
Mazkur madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatishga alohida eʼtibor qaratilayapti. Mamlakatimizda keng nishonlanadigan “Navro‘z”, “Mustaqillik”, “Yangi yil” bayramlari, Konstitutsiya qabul qilingan kun singari muhim sanalarga bag‘ishlangan ommaviy bayram tadbirlarida “Sudarushka”, “Al-Arabiya”, “Quyosh” kabi milliy-madaniy markazlar qoshida tashkil etilgan milliy-etnografik guruhlar faol ishtirok etmoqda. Ularning chiqishlarida ham yurtimizda millatlararo totuvlik, hamjihatlik o‘z aksini topmoqda.
Shu o‘rinda, viloyatda xozirgi kunda jami 3334500 nafar aholi istiqomat qilayotgan bo‘lib, ularning 232003 nafari, yaʼni 6,96 foizini turli millat vakillari tashkil etadi. Shundan, 3102497 (93,4%) nafari o‘zbek, 131817 (4,0%) nafari tojik, 35434 (1,06%) nafari turkman, 20395 (0,62%) nafari rus, 8043 (0,24%) nafari tatar, 2995 (0,09%) nafari ozarbayjon, 1948 (0,06%) nafari qozoq, 2397 (0,07%) nafari ukrain hamda 28974 (0,86%) nafari boshqa turli millat vakillaridir.
Viloyatda yashab kelayotgan boshqa millat vakillarining asosiy qismi Qarshi shahri hamda Mirishkor, Dehqonobod, Kitob, Shahrisabz, Nishon tumanlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Har bir millatning tili uning uchun tengsiz xazinasidir. Aynan viloyatda millat va elatlarning o‘z tillarini asrashi, o‘rganishi uchun alohida sharoitlar yaratilgan. Xususan, hozirgi kunda viloyat bo‘yicha 29 ta maktabda dars mashg‘ulotlari to‘liq tojik tilida, 2 ta maktabda esa rus tilida o‘quvchilarga saboq berilmoqda. Shuningdek, 50 ta maktablarda aralash qardosh tillarda 2500dan ortiq malakali o‘qituvchilar mashg‘ulotlarni olib borishayotganligi ham bu boradagi samarali faoliyatning yaqqol dalilidir.
Bugun viloyatimizda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari o‘zbek tilida erkin so‘zlasha oladi, ularning milliy urf-odatlari o‘zbek xalqi tomonidan alohida eʼtibor bilan kuzatiladi, qattiq hurmat qilinadi.
Ayniqsa, milliy-madaniy markazlar tomonidan o‘quv yurtlarida, mahallalarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, suhbatlar va turli tadbirlar millatlararo hamjihatlikni taʼminlashda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, “O‘zbekiston — umumiy uyimiz”, “Vatan yagonadir, Vatan bittadir”, “Qudratimiz — birlik va hamjihatlikda” kabi shiorlar ostidagi o‘tayotgan festivallar ko‘p millatli vohamiz aholining chinakam do‘stlik bayramiga aylanib ulgurgan.
Muxtasar aytganda, mamlakatimiz yer yuzidagi turfa xil madaniyatlar gullab-yashnayotgan mamlakatlardan biri ekanligi har bir o‘zbekistonlikka faxr-iftixor bag‘ishlaydi. Ko‘pmillatlilik va ko‘pmadaniyatlilik – bu bizning milliy boyligimiz desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekistonni o‘z Vatani deb bilib, uning taraqqiyoti yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan turli millatga mansub yurtdoshlarimizning har biri, shubhasiz, buni teran his qiladi, anglaydi.
Shodmonov Davron,
“Yuksalish” umummilliy harakati
Qashqadaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari