Paxta yig‘im-terimiga qatnashmaganlik uchun MFY tomonidan kam taʼminlangan oilalarga to‘lanadigan ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam pullari to‘xtatib qo‘yilishi mumkinmi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kam taʼminlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 38-bandida bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam to‘lash to‘lovning qonun hujjatlarida belgilangan muddati tugaganda, bolalar bolali oilalarga nafaqa va bola parvarishi bo‘yicha nafaqa olish huquqini istisno etuvchi yoshga to‘lganda, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa oluvchi ona ishga chiqqanda, doimiy yashash joyi o‘zgarganda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan oilaning ushbu to‘lovlarga ehtiyojmandligi yo‘qligidan dalolat beruvchi holatlar aniqlanganda va fuqarolar yig‘inining (Komissiyaning) tegishli to‘lovlarni tayinlash to‘g‘risidagi qaroriga taʼsir ko‘rsatgan buzilgan va ishonchsiz maʼlumotlar aniqlangan hollarda to‘xtatilishi belgilangan. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi 349-son “O‘zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida fuqarolarni, jumladan, taʼlim, sog‘liqni saqlash muassasalari, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini, taʼlim muassasalari o‘quvchilari va talabalarni majburiy mehnatga, shu jumladan tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, metall chiqindilari va makulatura yig‘ish, shuningdek, boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlarining zudlik bilan oldini olish va bunga chek qo‘yish belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi birinchi qismida mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash, (bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno) bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.

E.Ismoilov
Qashqadaryo viloyat adliya boshqarmasi
                                          bo‘lim boshlig‘i 

22-09-2020 |
Foto galereya