Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori о‘rinbosari Sodiqjon Berdialiyev 15-16 aprel kunlari viloyatda sayyor qabul о‘tkazdi.

Dastlab Qarshi tumanidagi bolalar musiqa va san’at maktabida Qarshi shahri, Qarshi, Kasbi, Mirishkor, Muborak, Nishon, G‘uzor, Koson va Dehqonobod tumanlari, ikkinchi kun Shahrisabz texnologiya kasb-hunar kollejida Shahrisabz shahar, Shahrisabz, Kitob, Yakkabog‘, Chiroqchi va Qamashi tumanlari aholisi murojaatlari qabul qilindi.

Qabul kunlari 104 ta murojaat kelib tushib, ularni joyida hal qilish choralari kо‘rildi. Murojaatlar asosan energiya resurslari, aliment, zarar hamda korxona va idoralardan ish haqini undirib berish kabi masalalar bilan bog‘liq bо‘ldi. Barcha masalalar birma-bir tinglanib, ularning yechimi yuzasidan mas’ullar biriktirildi, tegishli muddatlar belgilandi hamda fuqarolarga zarur tushuntirishlar berildi.

Jumladan, Chiroqchi tumanida yashovchi A.Eshonqulov 2011 yildan buyon elektr energiyasidan о‘g‘li nomiga hisoblangan 916 ming sо‘m qarzdorlikdan norozi bо‘lib murojaat qildi. О‘rganish davomida qarzdorlik hisoblangan yashash manzilida bir necha yildan buyon hech kim yashamasligi aniqlanib, asossiz qarzdorlik xatlov yо‘li orqali elektr hisob dasturidan chiqarildi.

Shu tumanlik A.Shokirovning ham elektr energiyasidan yuzaga kelgan 966 ming sо‘m qarzdorlikdan norozi bо‘lib qilgan murojaatini о‘rganish jarayonida, iste’molchi nomiga 2 ta hisob raqam ochilgani ma’lum bо‘ldi va bu ham fuqaro foydasiga hal etildi.

Yakkabog‘ tumanida istiqomat qiluvchi F.Davlatovdan undiruvchi G.Ochilova foydasiga 1 nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment pullarini undirish haqida 2017 yilda sud buyrug‘i chiqarilgan. Qarzdor shu kunga qadar 2 million 159 ming sо‘m aliment pulini tо‘lamay kelgan. Sayyor qabul jarayonida qarzdor va undiruvchi bilan suhbatlashildi, tushuntirishlar natijasida ikki tomon о‘zaro kelishdi va yarashgani munosabati bilan ijro hujjati tamomlandi. Bundan tashqari, aliment undirish bо‘yicha yana 3 fuqaroning murojaatlari ham joyida qanoatlantirilib, aliment pullari undirib berildi.

Ayni paytda sayyor qabul davomida о‘rtaga tashlangan, о‘rganish talab etadigan turli masalalarni hal qilish choralari kо‘rilmoqda.

N.XО‘JAYEV

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari  asosida

 

21-04-2019 |
Foto galereya