О‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 65 yilligi oldidan

1999 yil edi, chamamda. Tahririyatdagi yig‘ilishlardan birida О‘zbekiston davlat mustaqilligi  bayrami oldidan yurtimizning mashhur insonlari bilan nashrimizning har bir sonida suhbatlar e’lon qilib borishga kelishib oldik.

- Sherxon, sizning chekingizga Muhammad Yusuf bilan muloqotda bо‘lish tushdi, - dedi bosh muharrir. - Maqsad suhbatlar orqali  mustaqillik, uning mohiyati, qadr-qimmatini ochib berish. Binobarin, istiqlol kuychisi Muhammad Yusuf nazmida ham ozodlik, erkinlik, vatanparvarlik tuyg‘ulari baland pardalarda kuylanadi.

Majlisdan sо‘ng shoirning uyiga qо‘ng‘iroq qildim. Baxtni qarangki, gо‘shakni о‘zi kо‘tardi.

- Muhammad aka, siz bilan suhbatlashmoqchi edim, muloqotimiz gazetaning kelgusi sonida chop etilishi rejalashtirilgan. Qachon siz bilan uchrashib, suhbatlashsak bо‘ladi, - dedim meni diqqat bilan tinglayotgan shoirga.

- Bо‘pti, hozir keling. Uyimni bilasiz, - dedi Darxondagi manzilini yana bir bor tushuntirib.

Vaqtni boy bermay, Muhammad akaning uyi tomon oshiqdim. Shundoqqina Hamid Olimjon metrosi bekati yaqinida joylashgan edi bu qutlug‘ xonadon.

Shoir meni har galgi qadrdonlardek qarshi oldi.

- Kuni kecha oynai jahon orqali Siz va bir guruh ziyolilarning davlat rahbari bilan uchrashuviga kо‘zim tushdi, - dedim xalq shoiriga yuzlanib.

- Ha, Prezidentimiz Toshkentda bо‘lib о‘tgan "Hech kimga bermaymiz seni, О‘zbekiston" yoshlar   festivalida nega qatnashmaganim bilan qiziqdilar. Men bu paytda Farg‘onada ijodiy uchrashuvda edim-da.

- Bu festivalda Sizning "Hech kimga bermaymiz seni, О‘zbekiston" qо‘shig‘ingiz butun о‘yingohni larzaga soldi. Barcha-barcha butun vujudi bilan yurt bayrog‘ini qо‘lga olib, ushbu qо‘shiqni kuyladi, - dedim shoirga о‘zim kuzatgan manzaradan hikoya qilib. - Ammo siz bо‘lganingizda bundanda boshqacharoq bо‘larmidi?

Muhammad aka ijodiy uchrashuv taassurotlari bilan о‘rtoqlashar ekan, yana mavzuni mustaqil Vatan va uning ramzlariga qaratdi.

- Bilasizmi, madhiyamiz yangraganda faqat qо‘lni kо‘ksiga qо‘yib, tinglash kifoya emas. Uning har bir satrini yurak-yurakdan kuylash kerak. Toki, yurak sel bо‘lsin.

Vatanparvarlik nima о‘zi? Faqat men Vatanni sevaman deya, kо‘krakka urishmi? Yо‘q-yо‘q,  Vatanparvarlik bu - yurt tuprog‘ini, bayrog‘ini kо‘ziga surtish. Madhiyasini sо‘zma sо‘z, nuqta verguligacha bilish, Konstitusiyasiga qat’iy amal qilish. Vatanparvarlik bu - diyorini qumidan toshigacha, suvidan tuprog‘igacha sevish,  - dedi shoir kuyunchaklik bilan.

Bu safar ham shoir bilan suhbatimiz uzoqqa chо‘zildi. Ochig‘ini aytsam, u bilan qancha gaplashsangiz ham kamdek tuyular, zerikish nimaligi bilinmas, u har tomonlama chuqur bilimga ega edi. Ayniqsa, Vatan tarixini mukammal bilishi yaqqol sezilib turardi.

- Muhammad aka, Siz XXI asr yoshlaridagi qanday xususiyatlarni kо‘proq qadrlaysiz?

- Bugun mamlakatimizning katta yutug‘i, menimcha о‘zi uchun emas, kо‘proq ona Vatani qadr-qimmati, obrо‘si uchun yonib yashayotgan yoshlarni tarbiyalashga kirishganidir. Mard va tanti о‘zbek farzandining oliy xususiyati - hech qachon mol-dunyo izidan quvmaydi. Boylikning quliga aylanmaydi. Yagona maqsadi - millatning yuzini yorug‘ qilishdan iborat. Mening yoshlarga aytadigan bitta gapim bor: "Endi, ukalarim, qо‘l qovushtirib, hadiksirab, qо‘rqib о‘tiradagan zamonlar о‘tib ketdi. Odamzod     dunyodan о‘tgandan keyin undan faqat yaxshi nom qoladi. Bizdan esa ozod va obod Vatan, tinch va farovon hayot qolishi kerak-da".

Shoir gapirganda uning har biri sо‘zi yurak qa’ridan vulqondek otilib chiqayotgani yuz-kо‘zidan aks etardi.

- Sizga aytsam, kо‘pchilik mustaqillikni osmondan tushgan deb о‘ylaydi. Gо‘yoki shunday bо‘lishi kerak edi, - deydi Muhammad Yusuf savolomuz nigohimga tikilib. - Qaysi birini aytay, mustaqillik erksevar ajdodlarning qoni evaziga qо‘lga kiritilgan. Mazkur qutlug‘ qadam millatni asrab qolish va qudratiga qudrat qо‘shishning debochasi edi.

Muhammad Yusuf uzoq о‘yga toldi. Balki uning kо‘z о‘ngida istiqlol kurashchilari - ajdodlar jasorati gavdalangandir. Shoirning о‘zi yana sukunatni buzdi:

- Insonda yurak degan anotomik jism bor. Yurak nafaqat insonda, balki hayvonlarda ham mavjud. Ammo hammada ham qalb, dil, ruh bо‘lavermaydi. Qalbi, dili, ruhi, oriyati va e’tiqodi bо‘lgan odam mustaqillik qadrini biladi, ona yurti ravnaqi uchun astoydil mehnat qiladi. О‘z tashvishiga о‘ralashib, xalq bilan zarracha ishi bо‘lmagan insonning jamiyatga keragi yо‘q. Sodda qilib aytganda, jamiyatning har bir ongli a’zosi millat va mamlakat taqdiriga mas’uldir. Mamlakatning sha’ni-shukuhi uning mustaqilligi va taraqqiyoti bilan о‘lchanar ekan, insonning ham insonligi ozod va erkin, farovon yurtda yashashi bilan belgilanadi.

Shoir haq. Erkin va farovon yurtda yashashga nima yetsin. Uning о‘zi ham istiqlolni, mustaqil yurtni chin dildan suyar, bu muhabbat har bir   satrga kо‘char edi.

Muhammad akani oxirgi marta ham Mustaqillik maydonida yosh ijodkorlar davrasida uchratdim. U bilan salomlashar ekanman, suhbat jarayonida yoshlar haqida bildirgan fikrlari bot-bot yodimga kelaverdi. О‘zbekiston yozuvchilar uyushmasida rahbarning yoshlar bilan ishlash bо‘yicha muovini bо‘lgani uchunmi, muloqotlarda u kishi tez-tez о‘zbek yoshlari haqida gapirib qolardi:

- Bilasizmi, yoshlarimiz juda bilimli. Ular istagan tilda gaplashib, kompyuterni sayratib yuborishadi.  Darhaqiqat ular о‘zlashtirgan bilimlar millat ravnaqiga xizmat qiladi. Lekin gap shundaki, biz butun mamlakat yoshlarini  uyg‘otishimiz kerak. Ular "XXI asr - О‘zbekiston asri bо‘ladi. Aql-zakovat bilan dunyoni lol qoldiramiz. Mamlakatimizni hech kimga bermaymiz"  deb yashashsin...., - dedi о‘shanda yoshlarni ilm istashga, hamisha olg‘a yurishga, Vatanparvar bо‘lishga da’vat etgan millatparvar shoir.  ...Gapning о‘g‘il bolasini aytganda, bizning yoshlarimizning hech kimdan kam joyi yо‘q.

- Ammo, yoshlar haqida gapirganda, bir og‘riqli jihat esga tushadi, - deya chuqur xо‘rsindi shoir. 

- Garchi milliy g‘urur va millatga fidoyilik haqida tо‘lib-toshib yozsak-da, ba’zilarimiz oilamizda farzandlarimizga vatanparvarlik tuyg‘usi haqida lom-mim demaymiz. Axir tarbiya oiladan boshlanmaydimi? Turmush tashvishlari deymizu, uyimizga mehmondek kelib ketamiz. Xо‘sh, bolamizga tarbiyani biz bermasak, kim u bilan shug‘ullanadi? Yetti yot begonalarmi?  Demoqchimanki, asosiy burchimizni unutib qо‘yayapmiz. 

Shunday emasmi? Gohida jajji bolalarimiz Jaloliddin Manguberdiyu Tarobiy, Kubroyu Amir Temur haqida qiziqib sо‘rashsa, "о‘zing о‘qib ol, domlang о‘rgatsin" deb jerkib beramiz. Aslida biz ota-onalar  erksevar ajdodlar jasorati orqali mustaqillik mazmun-mohiyatini bolalarimizga chuqurroq tushuntirib bersak, qо‘liga kitob tutqazsak ayni muddao bо‘ladi. Kerak bо‘lsa, ozodlik tushunchasi ona allasi va suti bilan bola qoniga, vujudiga kirsin. Ana shunda metin millat paydo bо‘ladi, jips xalq paydo bо‘ladi, suvda chо‘kmaydigan, о‘tda yonmaydigan, о‘q о‘tmaydigan mustahkam qо‘rg‘on paydo bо‘ladi.

Baayni haqiqat. Shoirning ushbu fikrlari bugun ham dolzarb ahamiyatga ega.

Muhammad Yusuf bilan xayrlashib, suhbatni tayyorlagani yana tahririyatga yо‘l oldim. Ammo uning suhbat jarayonidagi samimiyati va issiq istarasi bir umr kо‘z о‘ngimda qoldi.

Sherxon QORAYEV,

"Nishon tongi" gazetasi bosh muharriri

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

17-04-2019 |
Foto galereya