О‘zbekiston Respublikasining "Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma’muriy nazorat tо‘g‘risida"gi Qonuni shu yilning 2 aprel kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolanib, kuchga kirdi. Ushbu hujjat jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma’muriy nazorat bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi. Ma’muriy nazorat - nazorat ostidagi shaxslarga sud tomonidan belgilanadigan ma’muriy cheklovlarni qо‘llashdan iborat tarbiyaviy-profilaktik ta’sir kо‘rsatish choralaridir.

Ma’muriy cheklov nima?

Ma’muriy cheklov - huquq va erkinliklarni vaqtinchalik cheklash yoki zimmaga majburiyatlar yuklatish bо‘lib, ushbu cheklash yoki majburiyat yuklatish jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilingan shaxsga nisbatan sud tomonidan belgilanadi. Yashash joyidan sutkaning belgilangan vaqtida tashqarida bо‘lishni; muayyan joylarda bо‘lishni; sud tomonidan belgilangan hudud doirasidan ichki ishlar organlarining ruxsatisiz chiqishni; alkogolli ichimliklar iste’mol qilishni taqiqlash; rо‘yxatdan о‘tish uchun har oyda bir martadan tо‘rt martagacha ichki ishlar organiga kelish ma’muriy cheklov turlaridir.

Qay holatda о‘rnatilmaydi?

Ma’muriy nazorat sud tomonidan о‘ta xavfli retsidivist deb topilgan, og‘ir va о‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik; har qanday qasddan qilingan jinoyatlar uchun ikki va undan ortiq marta ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan shaxslarga nisbatan qо‘llanilishi mumkin. Voyaga yetmagan shaxslarga, sudlanganligi olib tashlangan yoki sudlanganlik holati tugallangan shaxslarga nisbatan ma’muriy nazorat о‘rnatilishi mumkin emas.

 Qanday tartibda о‘rnatiladi?

Bu ishlar jinoyat ishlari bо‘yicha tuman (shahar) sudi tomonidan kо‘riladi. Sudga asoslantirilgan taqdimnoma о‘ta xavfli retsidivistlar, jazoni ijro etish muassasalarida turgan og‘ir yoki о‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, agar ular jazoni о‘tashni qasddan buzuvchilar deb topilgan bо‘lsa, ularni ozod etishdan kamida bir oy oldin jazoni ijro etish muassasasining boshlig‘i tomonidan kiritiladi. Jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilib, bir yil ichida ikki yoki undan kо‘proq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlarga nisbatan tegishli ichki ishlar organining boshlig‘i tomonidan taqdimnoma kiritiladi. Taqdimnoma sud tomonidan о‘n kun ichida kо‘rib chiqilishi kerak.

Ma’muriy nazorat olti oydan bir yilgacha muddatga о‘rnatiladi. Nazorat ostidagi shaxsning yashash joyi bо‘lmagan taqdirda, sud mahalliy davlat hokimiyati organlariga nazorat ostidagi shaxsni turar joy bilan ta’minlash choralarini kо‘rish majburiyatini yuklash tо‘g‘risida qaror chiqaradi. Nazorat ostidagi shaxsga qidiruv e’lon qilinganda va sud tomonidan bedarak yо‘qolgan deb topilganda nazorat muddatining о‘tishi tо‘xtatib turiladi. Nazorat muddati nazorat ostidagi shaxs ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan taqdirda ichki ishlar bо‘limining taqdimnomasi asosida olti oygacha, biroq sudlanganlik muddati tugallanishidan ortiq bо‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin.

Tugatish tartibi qanday?

Birinchidan, ma’muriy nazorat о‘rnatilgan muddat tugaganda. Ikkinchidan, sudlanganlik holati tugallangan yoki sudlanganlik olib tashlanganda. Uchinchidan, ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinib, jazoni ijro etish joyiga yuborilganda. Tо‘rtinchidan, tibbiy yо‘sindagi majburlov chorasi qо‘llanilganda. Beshinchidan, boshqa davlatga doimiy yashash uchun kо‘chib ketganda. Oltinchidan, vafot etganda.

Nazorat muddatining kamida yarmi о‘tgach, ichki ishlar organi taqdimnomasi, nazoratdagi shaxs arizasi, shuningdek, mehnat jamoasi, jamoat birlashmasi va fuqarolar о‘zini о‘zi boshqarish organining iltimosnomasiga kо‘ra ma’muriy nazorat sud tomonidan muddatidan oldin tugatilishi mumkin. Bu murojaat sud tomonidan о‘n kunlik muddat ichida kо‘rib chiqiladi. Shikoyatlar yuqori turuvchi sud tomonidan hal qilinadi.

Qonunda nazorat ostidagi shaxsning huquq va majburiyatlari hamda ichki ishlar organlarining majburiyatlari ham belgilab berilgan. Nazorat ostidagi    shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilish masalasi ichki ishlar organining taqdimnomasi asosida sud tomonidan besh kunlik muddat ichida kо‘rib chiqiladi.

Ma’muriy nazoratni amalga oshiruvchi ichki ishlar organi nazorat ostidagi shaxsga yashash joyidan tashqarida bо‘lishi yoki sud tomonidan belgilangan hudud doirasidan chiqish uchun о‘n kundan kо‘p bо‘lmagan muddatga   quyidagi shaxsiy holatlar munosabati bilan ruxsatnoma beradi:

birinchidan, yaqin qarindoshining о‘limi yoki og‘ir kasalligi.   Ikkinchidan, ishga joylashish va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish zarurati. Uchinchidan, ta’lim muassasalariga qabul qilish chog‘ida kirish imtihonlarini topshirish zarurati bо‘lganda. Davolanish, tabiiy ofat tufayli yashash joyida yashash imkoniyati bо‘lmaganda, boshqa hududda ta’lim olganda ruxsatnoma bir oyga qadar berilishi mumkin.

Qonunning maqsadi nima?

Birinchidan, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar tomonidan qayta huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish. Ikkinchidan, ayrim toifadagi huquqbuzarlarga profilaktik ta’sir kо‘rsatish. Uchinchidan, ayrim toifadagi huquqbuzarlar uchun jazoning tarbiyaviy rolini oshirish.

Mavzuga daxldor masala sifatida yana shuni qо‘shimcha qilish lozimki, "Mahkumlarning hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan О‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga о‘zgartish va qо‘shimchalar kiritish tо‘g‘risida"gi Qonunga asosan О‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya, Ma’muriy javobgarlik tо‘g‘risidagi kodekslariga, "О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bо‘yicha vakili (ombudsman) tо‘g‘risida"gi Qonunga inson huquqlari bо‘yicha vakil (ombudsman) huquqlarini kengaytirish, daxlsizligini ta’minlash, mahkumlar hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan о‘zgartish va qо‘shimchalar kiritildi.

Amaldagi qonunlardagi bu о‘zgarishlar yurtimizda inson huquqlarini samarali himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Asosiysi va eng muhimi esa ushbu qonunlarni puxta о‘rganish, targ‘ib qilish va amaliyotda qо‘llashdir.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmati rahbari

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

17-04-2019 |
Foto galereya