Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar samarasi avvalambor yuksak maʼnaviyatli, mustaqil fikrlaydigan, Vatanimiz taqdiri va istiqboli uchun masʼuliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir yosh kadrlar safini kengaytirishga bevosita bog‘liq. Bu haqda gapirganda, O‘zbekiston aholisining 60 foizidan ziyodini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etishini taʼkidlash lozim. Yoshlar uchun ularning sog‘lom tug‘ilishidan boshlab, toki mustaqil hayotga kirgunicha barcha zarur sharoitlarni yaratib berish maqsadida mamlakatimizda ko‘plab islohotlar amalga oshirilayotgani barchamizga yaxshi maʼlum. Bugungi kun talabiga ko‘ra O‘zbekistonga jadal islohotlar surʼatiga mos ilg‘or kadrlar kerak. Shunday ekan zamonaviy kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni to‘ldirish, bilimli yoshlarni strategik sohalarga jalb etish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 30 aprel kuni Qarshi shahri Yoshlar markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va uning hududiy filiali tashabbusi bilan Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda Qarshi shahridagi Yoshlar markazida 21 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan
110 nafardan ziyod iqtidorli, faol talaba-yoshlar hamda davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritib kelayotgan yosh kadrlar bilan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari va bir vaqtning o‘zida “Liderlar” kitobi muallifi O.Xasanov bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Ushbu muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida yoshlarga oid davlat siyosatini taʼminlash yuzasidan berilgan vazifalarning mazmun-mohiyatini yosh kadrlarga yetkazish, ularga bugungi kunda yaratib berilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, davlat xizmatiga kirgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga keng jalb etish, yoshlar orasida davlat xizmatining nufuzini oshirish, yoshlarni davlat tashkilotlari va organlari faoliyatiga qiziqtirishdan iborat.

Uchrashuv davomida viloyatda Respublika miqyosida namuna sifatida birinchilardan bo‘lib, yosh faol kadrlar uchun “Kelajak liderlari” klubi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kelgusida ushbu klub aʼzolari Qashqadaryoning “Oltin zaxirasi” bo‘lishi alohida taʼkidlandi. Ushbu klub faoliyati yuzasidan viloyat hokimi bilan memorandum imzolanishi, klubning nizom hamda yo‘riqnomalari hamda aʼzolikka qabul qilish tartibini ishlab chiqish vazifasi Agentlik filiali zimmasiga yuklatildi.

Davlat fuqarolik xizmati sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, vacancy.argos.uz saytining ishga tushirilganligi, davlat organlari va tashkilotlarida xodimlarning ochiq mustaqil tanlov asosida ishga qabul qilinayotgani, davlat fuqarolik xizmatida yoshlar va xotin-qizlarning ulushi yuzasidan, shuningdek, bugungi yosh liderlar oldiga qo‘yilayotgan vazifalar, 2030 yilgacha davlat fuqarolik xizmatchisida shakllantirilishi lozim bo‘lgan 10 ta asosiy ko‘nikmalar to‘g‘risida tushuncha berildi. Uchrashuv davomida yoshlarni vatanparvarlikka, fidoiylik va liderlikka chorlaydigan videoroliklarning namoyish etilishi tadbirda ishtirok etgan yoshlarga yana-da yaxshi o‘qish, intilish, o‘z ustida tinimsiz ishlash hamda kelajakda haqiqiy lider bo‘lib yetishishlari uchun motivatsiya berdi.

Uchrashuv qizg‘in muhokamalar va savol-javoblar tarzida o‘tkazildi. Asosiysi, uchrashuvda ishtirok etgan yoshlarda yana-da ko‘p bilim olishga, intilishga va o‘z ustida tinimsiz ishlashga ishtiyoq ortdi.

30-04-2021 |
Foto galereya