27 yanvar kuni «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi muallifi, Mass-media fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Qashqadaryo viloyatidagi Oftalmologiya shifoxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Saida Mirziyoyeva tashrif va loyihaning ikkinchi bosqichi haqida o‘z telegram kanalida ma’lumot berdi.

«Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyatidagi Oftalmologiya shifoxonasida bo‘ldik. Shifoxona faoliyati va bizning xayriya aksiyamiz doirasida bu yerda tekshiruvdan o‘tayotgan jajji bemorlar bilan tanishdik.

Aksiyaning birinchi bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Hozirgi kunga qadar respublika bo‘ylab 2 964 nafar bola tekshiruvdan o‘tkazildi.

Endi ikkinchi bosqich boshlanadi. Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi markazi mutaxassislari ko‘magida bolalar ko‘zlarida o‘tkazilishi lozim bo‘lgan jarrohlik aralashuvining qiyinlik darajasiga ko‘ra kategoriyalarga ajratildi. Bundan kelib chiqqan holda, bolalarning ba’zilari viloyat kasalxonalarida, ba’zilari Toshkentda operasiya qilinadi, ayrimlari esa xorijdan jalb etilgan mutaxassislar yordamida davolanadi. Jami bo‘lib 478 nafar bola operasiya qilinadi. Bu 630 operasiyani o‘z ichiga oladi.

Ma’lumot uchun, Qashqadaryo viloyatida loyiha doirasida 225 nafar bola tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruvdan o‘tgan bolalarning 76 nafari operasiya bilan shifo topishi aniqlangan. Tahlil natijalariga ko‘ra, 22 nafar katarakta, 19 nafar lazer kapsulotomiya, 13 nafar ikkilamchi implantasiyasi va boshqa bolalarning ko‘z hastaliklarini davolash uchun jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati.

29-01-2021 |
Foto galereya