Muborak tumanilik Dilnoza Yarashevaning tadbirkorga aylanganiga hali yarim yil ham bо‘lmadi. Faoliyatini 2018 yil oxirida YATT sifatida boshlagan ishbilarmon erishib ulgurgan natijalar yomon emas. Bir necha yil boshqa ishlab chiqarish korxonalarida tajriba orttirgan qahramonimiz mustaqil biznes tashkil etish qaroridan bugun afsuslanmaydi.

- Hammasi pulga borib taqalgani sabab jiddiy siljish bо‘lishiga biroz kо‘zim yetmagandi, - deydi u. - Mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlik qо‘llab-quvvatlanayapti, yengilliklar bisyor. Puxta biznes-rejasi bо‘lgan kishilarga imtiyozli asosda kredit taqdim etilayapti. Shu imkoniyatdan biz ham foydalandik. Avvaliga 10 million sо‘m moliyaviy kо‘mak oldik. Bunga un qorgich va pishirish pechi xarid qildik. О‘z sarmoyamizni ham qо‘shib, ijaraga olingan binoni sex va tamaddixona kо‘rinishiga keltirdik. Hozirda asosan qandolat mahsulotlari tayyorlayapmiz. Milliy shirinliklar turi 50 xilga yetdi. Asosan tо‘y-marosim va tantanalar uchun buyurtma olayapmiz. Qolaversa, xaridorlar tasarrufimizdagi qahvaxonada ushbu pishiriqlardan bahramand bо‘lishi ham mumkin. Tuman markazidagi bir qancha savdo dо‘koniga mahsulot tarqatishni yо‘lga qо‘yganmiz.

Dilnoza Yarasheva shu qisqa fursat ichida qо‘lga kiritgan yutuqlaridan yanada ruhlangan. Bunday deyishimizga sabab hali hech qancha vaqt о‘tmay tadbirkor tijorat bankidan boshqa bir maqsad uchun 23 million sо‘m miqdorida imtiyozli kredit olishga ulgurdi. Ajratilgan mazkur mablag‘ ishlab chiqarish va xizmat kо‘rsatish faoliyatini kengaytirishga yо‘naltirilmoqda. Natijada ushbu oilaviy biznes subyekti chetdan qо‘shimcha ishchi kuchi jalb etish imkoniga ham ega bо‘lgan.

Mirzohid JО‘RAYEV

Surat muallifi Sobir NARZIYEV.

 qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

 

05-05-2019 |
Foto galereya