Seminarda ishtirok etgan viloyat hokimi Murotjon Azimov taʼkidlashicha, viloyatimizda 443 gektar maydonda 471 ta issiqxonalar tashkil etilgan bo‘lib, shundan 134 gektar zamonaviy gidroponika usulida, 309 gektari esa oddiy anʼanaviy usulda qurilgan. Bugungi kunda ushbu issiqxonalarning 111 gektari tabiiy gaz orqali isitiladi. Bu esa, tadbirkorga qimmatga tushishi yoki aholi isteʼmoliga taʼsir ko‘rsatishi muhim muammolardan biri bo‘lib kelmoqda.

Shu kabi masalalardan kelib chiqib, Prezidentimiz joriy yilning 16-fevral kuni “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi muhim qarorni tasdiqladilar.

Qaror bilan belgilab qo‘yilganki, joriy yil 1-sentabrga qadar viloyatimizdagi tabiiy gazda faoliyat ko‘rsatayotgan 111 gektarlik 41 ta issiqxonalarni ko‘mirga o‘tkazish orqali 18 mln. kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish aholi xonadonlariga yetkazish belgilib qo‘yilgan.

Shu maqsadda, seminarda tabbiy gazdan ko‘mirga o‘tishda tadbirkorlar uchun qulay va tejamkor bo‘lgan innovatsion loyiha taqdimoti ham o‘tkazildi. Qarshi tumanidagi “NR ENERGY” MCHJ tomonidan innovatsion yondoshuv asosida 8,2 mlrd. so‘m mablag‘ evaziga ko‘mirdan soatiga 1600 kub metr sintetik gaz hamda elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha rahbari Nodir Rustamov seminarda yig‘ilgan issiqxonalar egalariga uning imkoniyatlari, qulaylik tomonlari va kamxarjligi haqida batafsil taqdimot qildi.

23-05-2023 |
Foto galereya