Mamlakatimizda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, aholini qiynab kelayotgan muammolarni о‘z vaqtida hal etishga katta e’tibor qaratilib, bu borada mahalliy davlat hokimiyati idoralari tomonidan ham ishlar olib borilmoqda.

Xususan, viloyat, shahar va tuman hokimliklarida 2019 yil mobaynida murojaatlarni kо‘rib chiqish va hal etishda "Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari tо‘g‘risida"gi Qonun, Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari hamda kо‘rsatmalariga rioya etilgan. Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonasidan kelib tushgan hamda takroriy murojaatlar asosli, qonuniy va о‘z vaqtida kо‘rib chiqilishiga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, viloyat hokimi va uning о‘rinbosarlari sayyor va ommaviy qabullari oldindan belgilangan, e’lon qilingan jadvallar asosida tashkil qilindi.

О‘z navbatida respublika idoralari, shu jumladan, markaziy huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlarining viloyatimizdagi sayyor qabullari ham muntazam va tizimli ravishda о‘tkazib kelindi. Aholi oldindan xabardor qilingan ushbu qabullarda fuqarolarimizning sud, prokuratura va ichki ishlar idoralari bilan bog‘liq kо‘plab masalalari yakuniy yechimini topgani ahamiyatlidir.

Tahlillardan kо‘rinishicha, 2019 yilda viloyat hokimligi tizimi (shahar va tuman hokimliklari bilan qо‘shilgan holda)ga jami 71 ming 767 ta murojaat kelib tushgan bо‘lib, ularning 26 ming 133 tasi virtual qabulxona orqali bо‘lgan. Bevosita hokimliklarga kelib tushgan murojaatlarning 29 ming 505 tasi og‘zaki, 15 ming 507 tasi yozma, 622 tasi elektron kо‘rinishdadir.

О‘tgan yil davomida viloyat, shahar va tuman hokimlari tomonidan 11 ming 998, о‘rinbosarlari tomonidan 15 ming 759 nafar fuqaro qabul qilingan. Fuqarolarning 12 mingdan ziyodi bevosita hokimliklar idoralarida, 8 mingdan oshig‘i sayyor qabullarda va  7 mingi Xalq qabulxonalarida qabul qilingan.

Shu о‘rinda sо‘nggi vaqtlarda viloyat hokimi tomonidan tadbirkorlar doimiy ravishda viloyat hokimligida qabul qilinayotganini ta’kidlab о‘tish joiz. Buning uchun tadbirkorlar viloyat hokimligi qabulxonasi yoki О‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining viloyatdagi tadbirkorlar murojaatlarini kо‘rib chiqish qabulxonasiga murojaat qilishi kerak.

Eng kо‘p murojaatlar Qarshi shahri (8290 ta), G‘uzor (5984 ta), Yakkabog‘ (5960 ta) va Dehqonobod (5641 ta) tumanlariga tо‘g‘ri keladi. Respublika idoralariga yozilayotgan va takroriy murojaatlarning katta qismi ham shu hududlardan.

Bevosita hokimlik idoralariga kelib tushgan 45 ming 633 ta murojaatning 36 ming 72 tasi nazorat tartibida kо‘rilib, 22 ming 739 tasi yoki 63 foizi, virtual qabulxona orqali kelgan 26 ming 133 ta murojaatning 16 ming 470 tasi yoki 63,1 foizi qanoatlantirilgan. Biroq Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonasi orqali Qarshi shahar hokimligiga tushgan 3980 murojaatdan 1488 tasi, Kitob tumani hokimligiga tushgan 1134 ta murojaatdan 604 tasi, Kasbi tumani hokimligiga yо‘llangan 1039 ta murojaatdan 485 tasi, Shahrisabz shahar hokimligiga bо‘lgan 1370 ta murojaatdan 683 tasi qanoatlantirilgan, xolos. Aksariyat murojaatlarga tushuntirish berish bilan chegaralanilgan.

О‘tgan yilda murojaatlarni о‘z vaqtida qonuniy hal qilmagani uchun  hokimiyat tizimidagi 125 nafar mas’ul xodim intizomiy javobgarlikka tortilgan. Jumladan, viloyatdagi davlat va xо‘jalik boshqaruvi idoralarida murojaatlar bilan ishlashda xato va kamchiliklarga yо‘l qо‘ygan 84 nafar mas’ul xodimga nisbatan hayfsan, 18 nafariga о‘rtacha oylik ish haqining 40 foizi miqdorida jarima, 23 nafariga mehnat shartnomasini bekor qilish intizomiy jazo choralari kо‘llanilgan.

Viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari tomonidan joylarda murojaatlar bilan ishlash tizimini yaxshilash, tizimli muammolarni hal etish bо‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilganini aytish о‘rinli. Jumladan, quyi tashkilotlarda 75 marotaba amaliy yordam kо‘rsatish bо‘yicha о‘rganishlar о‘tkazilib, seminar va о‘quvlar tashkil etildi, tahlil natijalari bо‘yicha takliflar yuborildi. О‘rganishlar jarayonida ayrim murojaatlarni kо‘rib chiqish muddatlari buzilganligi, murojaatda kо‘rsatilgan barcha holatlar tо‘liq tekshirilmagani, tekshirish natijalari bо‘yicha muallifga batafsil tushuntirish berilmagani, murojaatlar bilan ishlash holatlari talab darajasida muhokama qilib borilmagani va boshqa bir qator kamchiliklar aniqlangan. Natijada ularni bartaraf qilish choralari kо‘rildi.

2020 yilning yanvar oyidan boshlab viloyat hokimligida о‘ta dolzarb va takroriy murojaatlarni joyiga chiqib о‘rganish bо‘yicha ishchi guruhi tuzilib, faoliyat kо‘rsatmoqda. Viloyat, shahar va tuman hokimlari hamda о‘rinbosarlarining hokimlik, Xalq qabulxonalari, joylardagi sayyor va ommaviy qabullari jadvallari ishlab chiqilib, ijroga qaratildi. Maqsad murojaatlarning о‘z vaqtida, qonuniy, asosli va adolatli hal etilishini ta’minlash, murojaat qiluvchini qanoatlantirish, Respublika idoralariga yozilayotgan va takroriy shikoyatlarning oldini olishga qaratilgan.

Tahlillarga kо‘ra, murojaatlarning aksariyati uy-joy va uy-joy qurish uchun yer uchastkasi olish, bepul uy-joy bilan ta’minlash, yashash joyini, yо‘llarni va boshqa ijtimoiy ahamiyatga molik inshootlarni ta’mirlash, fermer va dehqon xо‘jaligi yuritish uchun yer uchastkasi olish, ishga joylashish, moddiy yordam va nafaqa olish, sog‘lig‘ini tiklash hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bilan bog‘liq. Shundan kelib chiqib yangi ish о‘rinlarini yaratish, tadbirkorlik va xususiy sektorni rivojlantirish, arzon uy-joylar qurish hamda kam ta’minlangan oilalar va yordamga muhtoj oilalarni qо‘llab-quvvatlash bо‘yicha tegishli dasturlar ishlab chiqilmoqda.

Murojaatlar bilan ishlash jarayonida bir qancha fuqarolar shaxsiy muammosi emas, xalqning umumiy tashvishi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ariza bitganiga guvoh bо‘lish mumkin. Ularning xatti-harakatlaridan mamnunlik his etib, ulug‘ allomalardan birining "El dardini chek, yakka darding dard emas..." degan fikri esga keladi beixtiyor.

 

Abdishukur OMONOV, viloyat hokimligi yuridik xizmati boshlig‘i.

30-01-2020 |
Foto galereya