Joriy yilning 28-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida maktab ta’limini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan vedioselektor yig‘ilishida umumta’lim muassasalari o‘quvchilarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va fanlar bo‘yicha olimpiadalarda ularning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida ustuvor vazifalar ta’kidlab o‘tilgan edi.

Shu boisdan, maktablar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularda fanlar o‘qitishning darajasi va sifatini oshirishni rag‘batlantirish, ta’lim sifati bo‘yicha xalqaro me’zon va standartlarga muvofiq yuqori ko‘rsatkichlarga erishishga zamin yaratish hamda o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida joriy yilning mart oyida viloyatimiz bo‘ylab 9-, 10-, va 11- sinf o‘quvchilari o‘rtasida 9 ta matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya, tarix, ona tili va adabiyoti, ingliz hamda rus tili fanlaridan viloyat hokimi sovrini uchun fan olimpiadasi o‘tkazildi.

Mazkur fan olimpiadasi yagona ilmiy-uslubiy yondashuv asosida adolatli, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazilib, olimpiadaning maktab bosqichida 9-sinflardan 54 051 nafar, 10-sinflardan 46 500 nafar, 11-sinflardan esa 42 745 nafar jami 143 299 nafar o‘quvchilar ishtirok etishdi.

Sinflar kesimida viloyat bosqichiga jami 405 nafar g‘oliblar tuman, shahar bosqichidan saralab olindi. Yakunda esa eng iqtidorli o‘quvchilar orasidan 81 nafari tengsizlar ichra tengsiz deb topilib, g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olishdi.

Bugun, viloyat musiqali drama teatrida fan olimpiadasi g‘oliblari va ularga ta’lim bergan mehri daryo ustozlarni tantanali ravishda taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Taqdirlash jarayonida ishtirok etgan viloyat hokimi Murotjon Azimov so‘zga chiqib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar, ularning ota-onalari va ustozlariga mana shunday farzandlarni voyaga yetkazib, chuqur ta’lim berganliklari uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Shuningdek, marosimda ishtirok etgan maktab bitiruvchilariga ham viloyatimiz ahli nomidan samimiy tilaklarini yo‘lladi.

Shundan so‘ng barcha g‘oliblarga viloyat sektor rahbarlari, nuroniy va faxriy pedagoglar tomonidan qimmatbaho estalik sovg‘alari topshirildi.

25-05-2022 |
Foto galereya