О‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bо‘yicha hukumat komissiyasining 2019 yil 17 apreldagi yig‘ilishida qо‘yilgan vazifalar, xususan, fuqaro muhofazasi tadbirlarini tashkil qilish, kuch va vositalarni shay holatda saqlash, fuqaro muhofazasi mulkini avaylab-asrash hamda mavsumiy favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida viloyat hokimining qarori qabul qilindi. Unga asosan joriy yilning 25 aprelidan viloyatda "Fuqaro muhofazasi oyligi" о‘tkazilmoqda.

Xabaringiz bor, bu yil bahor ancha seryog‘in keldi. Kuchli va muttasil yomg‘ir vohamizning tog‘li hamda tog‘oldi hududlarida toshqinlarni yuzaga keltirib, tabiiy ofat oqibatida aholi xonadonlari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ma’lum darajada zarar yetdi.

Viloyat hokimi qaroriga muvofiq tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga kо‘ra, tasarrufida himoya inshootlari bо‘lgan barcha tashkilot, idora va muassasalar rahbarlari, Qarshi va Shahrisabz shaharlari hamda tumanlar hokimlari mas’ulligida "Namunali muhandislik-muhofaza inshooti" (panagoh, radiatsiyaga qarshi yashirinish joylari) mavzusida hududlar miqyosida iqtisodiy-ijtimoiy obyektlarni jalb etgan holda о‘quv-seminarlar о‘tkaziladi.

Fuqaro muhofazasi tuzilmalarining ichki nizomlari hamda shay holatga keltirish rejalari ishlab chiqilib, ular moddiy-texnik jihozlar bilan ta’minlanadi.

Fuqaro muhofazasi kuchlarining tayyorgarlik holati kо‘rikdan о‘tkazilib, korxona-tashkilotlarda favqulodda vaziyatlar uchun moddiy va moliyaviy resurslar zaxirasi yaratiladi.

"Mahalla fuqaro muhofazasi" yig‘ma guruhlari favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bо‘yicha tayyorgarlikdan о‘tkazilib, ular uchun о‘quv maslahat xonalari tashkil qilinib, jihozlanadi. О‘z navbatida mahalla fuqarolar yig‘inlarida "Namunali о‘quv maslahat punkti" tashkil etish choralari kо‘riladi.

Shuningdek, ta’lim muassasalarida fuqaro muhofazasi kunlari va "Yosh qutqaruvchi" kо‘ngillilar klublari jamoalari о‘rtasida musobaqalar о‘tkaziladi.

Lokal va obyekt darajasida aholiga xabar berish va ma’lumotni yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimi yaratiladi.

Tegishli idoralar о‘z tasarrufidagi laboratoriya nazorati kuzatuv tarmoqlari holatini о‘rganib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etadi.

"Fuqaro muhofazasi oyligi" 25 mayga qadar davom etadi.

N.XО‘JAYEV

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

01-05-2019 |
Foto galereya