Ikkinchi jahon urushi paytida jangchilar uchun maxsus front gazetalari chop etilgani nafaqat bugungi tinch zamonda gazeta о‘qimaydigan, yangilikka ishtiyoqsiz kishilarga, balki boshqalarga ham g‘ayritabiiy tuyulishi tabiiy. Holbuki front gazetalari bugun juda katta tarixga aylanib ulgurdi, ular sahifalarida о‘zbek harbiylarining hayoti, janglari, О‘zbekistondagi voqealar haqidagi maqola, xabar, maktublar, esdaliklar о‘z aksini topgan. Tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsuddinov arxivlardagi о‘zbek tilida chop etilgan front gazetalari materiallarini jamlab, kitob holida 3 jildda nashr ettirdi. Biz undan Qashqadaryoga oidlarini saraladik.

TANKLAR VA JANGOVAR SAMOLYOTLAR QURISH UCHUN 260 MILLION SО‘M

Albatta, g‘alaba о‘z-о‘zidan qо‘lga kiritilmagan. Umumiy hisobda 60 million odamning jasadi janggohlarda qolgan bо‘lsa, 90 milliondan ziyod kishi mayib-majruhga aylangan. Birgina О‘zbekiston 500 mingdan ortiq о‘g‘lonini boy bergan. G‘alabaga harbiylardan tashqari, janggohlardan uzoqda turib, mashaqqatli mehnati bilan bemisl hissa qо‘shgan yurtdoshlarimiz soni ham juda kо‘p.

Front askarlari uchun mо‘ljallangan "Vatan uchun" gazetasi 1942 yil 27 dekabrdagi sonida respublikaning о‘sha vaqtdagi rahbari Usmon Yusupovning Moskvaga, Markaziy komitetga yо‘llagan xati bosilib, unda jumladan, shunday deyiladi: "О‘zbekiston kolxozchi xotin-qizlari olti kun badalida tanklar va jangovar samolyotlar qurish uchun naqd pul bilan 260 million sо‘m tо‘pladilar". Bunga javoban Markazdan kelgan minnatdorlik xati ham e’lon qilingan.

Gazetaning navbatdagi sonida о‘zbek  xalqi tomonidan frontga 340 vagon guruch, gо‘sht, meva va boshqa sovg‘alar yuborilayotgani, qolaversa, Ukrainaning ozod qilingan rayonlariga chorvani qaytadan tiklash uchun О‘zbekiston kolxozlari tomonidan 200 ming qо‘y, echki va 9000 bosh qoramol tanlangani aytiladiki, ushbu raqamlar g‘alaba qozonishga О‘zbekiston nechog‘lik tirishganini kо‘rsatadi. Ittifoqning harbiy qudrati о‘sishida yaxshigina iqtisodiy ulushimiz borligi AQShda chiqadigan "Ferin kommers uikli" jurnalining о‘sha paytdagi sonida alohida ta’kidlanadi.

Urush tugagach ham, О‘zbekistondan yordam tо‘xtamagan. Buni gazetaning 1945 yil 21 sentabr soni tasdiqlaydi. Xabarda yozilishicha, Polsha, Finlyandiya va Bolqon mamlakatlarining tо‘qimachilik korxonalarini tiklash uchun paxta yuborilib, iyul oyida birgina Polshaga 200 vagondan oshiq yuqori navli paxta jо‘natilgan.

JANGCHILARDA ISHONCHNI MUSTAHKAMLASH UCHUN

О‘sha davr gazetalarining frontortiga oid maqolalarini kо‘zdan kechirarkansiz, oddiy xabarlar ham frontda jang olib borayotgan harbiylarning ruhini kо‘tarish, ishonchini mustahkamlash, bola-chaqasidan kо‘nglini tо‘q qilishga qaratilganini kо‘rish mumkin.

Misol uchun, Kitob tumanidagi "G‘alaba" gazetasi muharriri Haydar Qayumovning "Gektaridan 130 puddan arpa" sarlavhali maqolasida aytilishicha, tumandagi "Birlik" kolxozining yuzpudchilar harakatiga qо‘shilgan Berdi Husainov boshliq g‘allachilik brigadasi a’zolari 13,5 gektar yerdagi arpani о‘z vaqtida о‘rib-yanchib, gektariga 130 puddan hosil kо‘tarishgan. Bu borada Varganzadagi Abdulla Karimov boshliq zveno ishi ham yuqori baholangan.

"Suvorovchi" gazetasining 1944 yil 23 mart sonida О‘zbekiston paxta dalalarida 100 ming gektarga yaqin yer haydalgani, bu ayniqsa, Qashqadaryo va Surxondaryoda qizg‘in tus olgani qayd etiladi.

1944 yil iyunda "Muborak" qorakо‘lchilik sovxozi jamoasi kо‘klamda har yuz ona qо‘ydan 160 qо‘zi olgani, sut va pishloq yetkazib berish ortig‘i bilan uddalangani, davlatga 3 ming dona qorakо‘l teri topshirilgani, shu bilan birga, Mamadiyorov brigadasida chorva yaxshi parvarish qilinayotgani, ferma xodimi Sandir   Avazov о‘z ishlarini kо‘ngildagiday bajarayotgani haqida ma’lumot berilgan.

Shu yil avgustda Koson rayon komiteti sekretarining yordamchisi Nuriya Xasanshina tahririyatga xat yо‘llab, frontchilarning oilalariga kо‘rsatilayotgan g‘amxо‘rlik haqida ma’lum qiladi. Jumladan, о‘sha yil bahorda 3020 harbiyning oilasi uchun 542 gektar yerga ekin ekib berilgan. Vaqtincha va  doimiy foydalanish uchun 847 bosh qoramol tarqatilgan. Frontchilar oilalariga kolxoz pravleniyelari tomonidan 44 ming 683 sо‘m, davlatdan 14 ming 134 sо‘m ajratilgan. Bunday oilalar uchun 237 gektar yerga ekilgan g‘alla hisobidan maxsus fondlar tuzilgan.

"Dushmanga qarshi olg‘a" gazetasi 1944 yil 15 iyun sonidagi xabariga kо‘ra, Shahrisabzda yuqori sifatli pishloq ishlab chiqaradigan О‘zbekistondagi birinchi zavod ishlay boshlagan. Zavodning asbob-uskunalari shu joyning о‘zida tayyorlangan. Yangi korxonada sо‘nggi ikki oyda 3 tonnaga yaqin pishloq ishlab chiqarilgan. О‘zbekiston gо‘sht-sut sanoati xalq komissarligi pishloqning sifatini juda yaxshi deb topgan.

MEHNATIGA YARASHA

Front gazetalarida Qashqadaryoga taalluqli xabarlar asosan qishloq xо‘jaligiga oid. Jumladan, g‘alla, arpa, paxta tayyorlangani, davlatga gо‘sht topshirish rejasi uddalangani va hokazolar. Bu yо‘lda samarali ishlaganlar esa rag‘batlantirib borilgan. "Vatan sharafi uchun" gazetasining 1945 yil 7 yanvar sonida Oliy Sovet Prezidiumining farmoni bilan turli orden va medallar bilan taqdirlanganlar rо‘yxati keltirilgan. Ular orasida Yakkabog‘dagi "О‘zbekiston" kolxozi raisi Imom  Abdiyev, Kitob tumanidagi "Qizil yulduz" kolxozi raisi Jо‘ra Elboyev, Qarshi tumanidagi "Kommunizm" kolxozi raisi Rahmat Imomov, Shahrisabzdagi "Qizil agronom" kolxozi raisi Turdi Qorayev nomlari bor. 1944 yil 26 yanvar sonida esa frontda yurgan  Koson tumani Pо‘lati qishlog‘ilik kapitan Terkov Doniyorovning surati bosilgan.

MUAMMOLAR HAM YО‘Q EMAS

"Vatan sharafi uchun" gazetasining zafar uchqunlari kо‘rinayotgan 1944 yil sonida Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo va Buxoro bilan bir qatorda Qashqadaryoning uzoq rayonlari mahalliy xalq tilini biladigan meditsina xodimlariga juda muhtojligi, shundan kelib chiqib, yoshlarni meditsina yuqori о‘quv yurtlariga tayyorlash uchun maxsus     kurslar ochilishi aytilgan.

6-ATAKANI QAYTARGAN QARSHILIK YEFREYTOR

"Sovet jangchisi" gazetasining 1945 yil 21 mart sonida Qarshi tumanilik gvardiyachi yefreytor Jalol  Bilolov va gvardiyachi Abduqodir Qoraqulov jangda ajoyib mardlik kо‘rsatishgani haqida "Og‘ir paytlarda" sarlavhali maqola chop etilgan. Batalyon komandirining siyosiy ishlar bо‘yicha о‘rinbosari, leytenant V.Bulatovning ma’lum qilishicha, katta tosh yо‘l uchun borayotgan shiddatli jangda nemislar, kо‘p talafot berishiga qaramay, 5 marta atakaga о‘tishgan.

"Kechki payt. Jang maydonida dushman tanklari, bronetransportyorlari yonib yotadi, - deb yozadi leytenant. - Qoraqulov Bilolovga disk uzatib:

- Jamol! Eng sо‘nggi disk! Nima qilamiz? - dedi.

- Nima qilamiz emish, - dedi Bilolov kо‘zini dushmandan uzmay. - Kengashib о‘tirish vaqti emas. О‘q kerak. О‘qlangan disklar kerak!

Qoraqulov emaklagancha qayoqqadir g‘oyib bо‘ldi.

Bilolov pulemyotidan siyrak о‘t uzilayotganidan foydalangan nemislar 6-atakasini boshladi.

Nemislar bizning pozitsiyamizga yaqinlashib kelar edi. Diskda hammasi bо‘lib 40 tacha о‘q bor. Quturgan gitlerchilar tobora yaqinlashib kelmoqda. Shu paytda Bilolovning biqinida disk uzatgan bir qо‘l paydo bо‘ldi. U о‘qlangan uchta disk keltirdi. Nemislar birin-ketin olg‘a yugurishi bilanoq Bilolov pulemyotdan uzun-uzun о‘t ochib yubordi. Fashistlar qamishdek qulay berdi.

О‘zbek xalqining bahodir farzandlari Bilolov va Qoraqulov shu kun nemislarning oltinchi atakasini muvaffaqiyat bilan qaytarib, bir necha о‘n gitlerchini qirib tashladilar".

"TIL"SIZ QOLISHDI

"Qizil armiya" gazetasining 1944 yil 29 oktabrdagi sonida qarshilik yefreytor Soat Mallayev gitlerchilarning uch "til"ini tutgani haqida maqola chop etilgan. Jangchi frits josuslarining hamma harakatlarini payqab, qalin о‘t orasida jimgina turgan va о‘z sherigi serjant Popovning ham nemislar "qilig‘i"dan xabardor ekanini sezib turgan. Ikkisi bir bо‘lib "til" olib ketishga kelgan uch nemisning о‘zini "til" sifatida shtabga haydab ketishgan.

DUSHMANNI О‘Z UYASIDA DABDALA QILMAGUNCHA...

"Qizil armiya" gazetasining g‘alaba arafasidagi - 1945 yil 25 aprel sonida e’lon qilingan Kitob tumani Urus qishlog‘ida tug‘ilgan Shodmon Umarov haqidagi "Qahramonlar batalyoni" nomli maqola e’tiborga molik.

"Tо‘pchilarimiz zarbasi tobora kuchaydi. Qismning oldingi otryadi hisoblangan gvardiyachi kapitan Umarov batalyoni daryo bо‘yidagi g‘ishtin uyga shturm yasadi, - deyiladi maqolada. - Nemislar bu binoni "daryo qal’asi" atab kuchli aylanma mudofaa qurganlar. Dushman garnizoni bizning harakatimizni shu yerda "qotib qolar" deb umid qilgan. Biroq jangchilarimiz bu yerda ham tо‘xtamadilar, qattiq jang boshladilar.

Gvardiyachi kapitan Shodmon Umarov batalyoni gitlerchilar madorini quritdi. Hatto nemislarning tanlangan "SS" gruppasi ham gvardiyachilar zarbasiga bardosh bera olmadi.

Sanoqsiz talafot kо‘rgan nemis garnizoni binoni tashlab sharmandalarcha chekindi. Daryo yо‘liga tо‘siq bо‘lgan "qal’a" quladi.

Serquyosh О‘zbekistonning Kitob rayonidan kelgan bu yigit Vatan hurmatiga sazovor bо‘lmoqda. U jang maydonida ofitserga xos ustalik kо‘rsatib, fashist gazandalarini shafqatsiz mag‘lubiyatga uchratmoqda. О‘tgan yili Kovel yonida katta operatsiya boshlagan ilg‘or otryadni ham, Visla daryosi bо‘yida dushman mudofaasini yemiruvchilarning oldingi qismini ham gvardiyachi kapitan Shodmon Umarov boshqargan edi.

Hozir uning batalyoni Oder daryosining ul yuzida - fashist Germaniyasining markazi - Berlin uchun shiddat bilan jang qilayotir. U: "Dushmanni о‘z uyasida dabdala qilmagunimcha xumordan chiqmayman", - deydi".

Qayd etish lozim, Shodmon Umarov bu xizmatlari uchun Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga, yana qator yuksak ordenlarga sazovor bо‘lgan. U Polshani ozod etishda о‘zini kо‘rsatgan. Uning batalyoni 1945 yil Vayssenburgdagi jang davomida dushmanning 7 tank, 3 о‘ziyurar qurilmasi, 3 bronetransportyorini yakson qilgan, dushman batareyasi va о‘q-dori omborini egallagan, 300 ga yaqin gitlerchi yо‘q qilingan. Sо‘l qirg‘oqda platsdarmni egallab, uni saqlab qolgan.

Umuman olganda, front gazetalari urush dahshatlari, oqibatlarini bor bо‘y-basti bilan, g‘alabaga nechog‘lik katta qurbonlar bilan, qadamba-qadam erishilganini aks ettiradi. О‘z navbatida bu sarg‘aygan sahifalar tinchlikning eng oliy ne’mat ekanini ham mudom uqtirib turadi.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

09-05-2019 |
Foto galereya