Qashqadaryo viloyati hokimligida tibbiyot, iqtisodiyot, fan, ta’lim, adabiyot va boshqa sohalarda fidoyilik ko‘rsatgan bir guruh vohadoshlarimizga davlat mukofotlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirni viloyat hokimi Zoyir Mirzayev kirish so‘zi bilan ochdi va mukofotlanganlarni xalqimiz va davlatimiz rahbariyatining yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lganliklari bilan samimiy muborakbod etdi.
Ushbu e’tirof yurtimizda inson sha’ni, qadr-qimmati yuksak qadrlanishi, mustaqilligimizni mustahkamlash, Vatan taraqqiyoti, sog‘lom avlod tarbiyasi, yurt ravnaqi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotgan yurtdoshlarimizning mehnati hech qachon e’tibordan chetda qolmasligining o‘ziga xos namunasi ekanligi ta’kidlandi.
- Muhtaram Yurtboshimizning 1-oktyabrga bag‘ishlangan biz o‘qituvchi va murabbiylarga yo‘llagan tabrigi mendagi xalq farovonligi uchun qayg‘urish singari ezgu tuyg‘ularni yanada to‘lqinlantirib yuborgan edi, - deydi "Sodiq xizmatlari uchun" medali sohibasi Oliya Uzokova. - Bugungi ko‘rsatilgan e’tirofdan keyin yanada ta’lim sifatini yaxshilash, farzandlarimiz kamolotiga qaratilgan ta’lim-tarbiya ishlarida oldimizga qo‘ygan rejalarni faollik bilan, ishonch bilan ado etishga katta turtki bo‘ldi.
Mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Viloyat hokimligi Axborot xizmati.