Qarshi tibbiyot kollejida "Hamshira-2019" kо‘rik-tanlovining viloyat bosqichi  bо‘lib о‘tdi.

Aholining reproduktiv salomatligini saqlash, bolalar va о‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, aholi о‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib  etish, hamshiralarning bilim darajasi va ijtimoiy faolligini yanada oshirish maqsadida har yili о‘tkazib kelinayotgan kо‘rik-tanlovning saralash bosqichida 21 nafar о‘rta tibbiyot xodimi 5 ta shart bо‘yicha bellashdi.

- Hamshiralik ishi keng qamrovli jarayon bо‘lib, tibbiyotning biror yо‘nalishini bu mutaxassis faoliyatisiz tasavvur etib bо‘lmaydi, - deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh hamshirasi Yelena Parembo. - Ayniqsa, shoshilinch tibbiy xizmat, reanimatsiya, operatsiya bloklarida malakali hamshiraning bilim, mahorati, tajribasi, о‘z kasbiga sadoqati bemorni sog‘lom hayotga qaytarishda muhim omildir. Viloyatimizda faoliyat olib borayotgan 34 ming nafarga yaqin sharafli va mas’uliyatli kasb sohibalarini har tomonlama qо‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.  "Hamshira-2019" tanlovi shunday muhim loyihalardan biri.

Tanlovda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng kо‘lamli islohotlar mohiyati hamda unda hamshiralarning о‘rni va vazifasi bо‘yicha nazariy bilimlar ham sinovdan о‘tkazildi.

Yakuniy natijalarga kо‘ra, birinchi о‘rinni Kitob tumani kо‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi hamshirasi Dilfuza Nosirova, ikkinchi о‘rinni Yakkabog‘ tumani tibbiyot birlashmasi tug‘ruqxona bо‘limi doyasi Gullola Toshpо‘latova va uchinchi о‘rinni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qashqadaryo filiali ximiya terapiya bо‘limi navbatchi hamshirasi Dilnoza Ahmedova qо‘lga kiritdi.

-  Tanlov men uchun juda ahamiyatli bо‘ldi, - deydi Dilfuza Nosirova. - Endi yanada yaxshi tayyorlanib, respublika bosqichida ham eng yuqori natijaga erishish uchun astoydil harakat qilaman.

Tadbir sо‘ngida kо‘rik-tanlovning barcha ishtirokchilariga viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, О‘zbekiston  Sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi va О‘zbekiston hamshiralar assotsiatsiyasi viloyat bо‘limlarining esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shohista BOZOROVA

S.NARZIYEV olgan surat.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

26-04-2019 |
Foto galereya