Qon topshirish tartib va qoidalari haqida...
Donorlik – savobli, shu bilan birga, masʼuliyatli ish. Donor bo‘lishga qaror qilgan odam qoni bilan og‘ir ahvoldagi bemorlar hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shishini unutmasligi, o‘ziga g‘amxo‘rlik qilishni o‘rganishi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi va turli zararli illatlardan saqlanishi zarur.
Xo‘sh, donor bo‘lishni istagan odam yana qanday qoidalarga amal qilishi lozim? Shu va boshqa savollarga Respublika qon quyish markazi sayyor guruhi bo‘lim boshlig‘i Zulfiya Ismoilovadan batafsil javob oldik.
Siz donor bo‘lsangiz, demak, sog‘lomsiz!
— Sodda qilib aytganda, donorlik – ehsonning bir turi. Qon va uning tarkibiy qismlari yuqori texnologik operatsiyalarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi. Ular orasida transplantatsiyalar, yo‘l transport hodisalari tufayli o‘tkazilishi talab etiladigan travmatologik operatsiyalar, tug‘ruq jarayonlari kabi murakkab amaliyotlar bo‘lib, bemorga tezroq qon quyilmasa, uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmasligi mumkin.
Donor o‘z qonini unga muhtojlar uchun berar ekan, bu xayriya o‘ziga ham, bemorga ham zarar yetkazmasligi juda muhim.
Agar biron bir sababga ko‘ra sizga qon topshirish uchun ruxsat berilmasa, shifokor tavsiyalariga amal qilish kerak. Inson sog‘lom bo‘lsagina donorlik qila oladi.
Donor bo‘lishning 4 oltin qoidasi
— Qon topshiruvchi amal qilishi kerak bo‘lgan oddiy qoidalar bor. Ularga rioya etilar ekan, donor bo‘lishga hech narsa monelik qilmaydi:
1. Donor qon orqali yuqadigan virusli gepatit “B”, “C” va OIV kabi qator infeksiyalardan xoli bo‘lishi kerak.
Bunday xavfli kasalliklarni yuqtirishning oldini olish uchun tanosil xastaliklaridan himoyalanish choralarini ko‘rish, inyeksiya uchun faqat bir marta ishlatiladigan shprislardan foydalanish, tibbiy ko‘rik va muolajalar paytida tibbiyot xodimlariga donor ekanligingizni eslatib qo‘yish orqali ulardan faqat bir marta ishlatiladigan, sterillangan anjomlardan foydalanishni so‘rashingiz lozim. Sartaroshxona va go‘zallik salonlarida ham ish asboblari sterillanganiga ahamiyat berishni unutmaslik kerak.
2. Qon yoki uning tarkibiy qismlarini topshirishda vaqt oralig‘iga amal qilish shart.
Donor yiliga 4 martagacha qon topshirishi mumkin. 5-donorlikdan so‘ng kamida 3 oylik tanaffus qilish, qon topshirilganidan kamida 30 kun o‘tib, plazma topshirishga ruxsat beriladi.
3. Qon yoki uning tarkibiy qismlari topshirilgan kuni quyidagi ko‘rsatmalarga amal qilish lozim:
- qon topshirish kuni albatta nonushta qilish, chekmaslik shart. Qolaversa, bir necha kun oldin spirtli ichimliklardan voz kechish kerak;
- imtihonlar, musobaqalar, biron bir loyihani amalga oshirishdan avval, ayniqsa, og‘ir jismoniy mehnat sharoitida qon topshirish tavsiya etilmaydi.
4. To‘g‘ri ovqatlanish tartibini yo‘lga qo‘yish muhim.
Donorning ratsionida doim qondagi gemoglobin darajasiga taʼsir qiluvchi protein moddasiga boy bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari: go‘sht, lavlagi, yasmiq, loviya va barcha dukkakli ekinlar, baliq mahsulotlari bo‘lishi maqsadga muvofiq.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati