Prezidentimizning joriy yil 26 yanvardagi “mahallabay” ishlash bo‘yicha yangi tizimni tashkil etish va kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan bergan topshiriqlari asosida viloyatdagi rahbarlar “mahallabay” ishlash tizimida faoliyat olib borishmoqda.

Xususan, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev  Kitob tumani, Qarshi shahri, Qarshi tumani va Chiroqchi tumanlarida yurib, aholi muammolarini o‘rgandi. “Mahallabay” ishlash tizimi doirasida joylarda aholi bilan sayyor qabullar o‘tkazildi.

Navbatdagi “mahallabay” o‘rganish ishlari Amir Temur bobomiz bilan bog‘liq “Tarag‘ay” QFYda davom etdi.

O‘tkazilgan sayyor qabulda “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, aholi bandligi va tadbirkorligini rivojlantirish masalalariga ahamiyat qaratildi.

“Langar” MFYda yashovchi Ibodat Muhammadiyeva “Usmon” brendi ostida eksportbop kiyim ishlab chiqarayotganligi, bu orqali qishloq xotin-qizlarining kasb o‘rganishi, daromad olishi uchun harakatda ekanligini bildirdi. U viloyat rahbaridan kiyim-kechaklar ishlab chiqarilishini kengaytirish maqsadida kredit so‘rab murojaat qildi. Viloyat rahbari esa tadbirkorligi orqali qishloq ayollarining bandligi va kasb-hunar o‘rganishiga hissa qo‘shayotgan tadbirkor ayolning faoliyatini rivojlantirishi uchun "Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash" jamg‘armasidan qaytarmaslik sharti bilan 50 million so‘m ajratib berilishini aytib o‘tdi.

Shuningdek, “mahallabay” o‘rganishlar davomida qishloqning “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash yuzasidan ham ishlar olib borildi.

“Tarag‘ay” qishlog‘ining so‘lim va bahavo tabiati, Amir Temur bobomizning qadimiy g‘ori, “Teshiktosh” tor yo‘lagi, iyun oylariga qadar saqlanib turuvchi muzlikdan erib tushgan zilol va shirin suv hosil qilgan irmoq, qimirlovchi katta tosh kabi o‘ziga hos manzaralari nafaqat mamlakatimiz, balki fransuz va boshqa chet ellik sayyohlarni chorlaydi.

“Tarag‘ay” qishlog‘ining turizm salohiyatini yuksaltirish, targ‘ib etish hamda sayyoxlar uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida turizm xizmatlarini rivojlantirish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqilib, sayyohlarga imkoniyatlar yaratilishi belgilandi.

- “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 30 million so‘mdan garovsiz kredit ajratamiz, - dedi viloyat hokimi. - Mana necha yillardan buyon chet ellik sayyohlarni qabul qilayotgan ekansiz. Endi ularga o‘zingizning qadim va asriy anʼanalaringizni namoyon etishingiz, milliy taomlaringizdan ham muntazam tayyorlab berishni yo‘lga qo‘yishingiz katta natija beradi.

Qishloqning ijtimoiy-iqtimodiy “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash davomida hunarmandlar markazi, tikuvchilik korxonasi tashkil qilish orqali monetizatsiyani yaxshilash, qishloqni kompleks rivojlantirib, yangi turizm manzillarini yuzaga keltirish bo‘yicha ham masʼullarga topshiriqlar berildi.

Taʼkidlash kerak, ayni kunlarda Tarag‘aydan Amir Temur g‘origacha bo‘lgan masofada tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarda 50 gektar maydonda pitomnik, tibbiy sog‘lomlashtirish markazi, zotdor echkichilik fermasi, mehmon uylari, dorivor o‘simliklar yetishtirish va qadoqlash fabrikasi, asalarichilik xo‘jaligi hamda 1.5 kilometr masofada tog‘ dor yo‘li tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Viloyat hokimi tadbirkorlarning ushbu tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini, zarur mablag‘lar ajratilishida ko‘maklashishini taʼkidladi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi

Axborot xizmati.

02-03-2021 |
Foto galereya