Bugun biror-bir tadbirkorlik faoliyatini yо‘lga qо‘yib, ham о‘z oilasi farovonligini ta’minlayotgan, ham qо‘shimcha ish о‘rinlari yaratib, boshqalarga nafi tegayotgan ishbilarmonlar soni oshib bormoqda. Bunga soha ravnaqiga qaratilayotgan e’tibor, tadbirkorlarning davlat tomonidan qо‘llab-quvvatlanishi, ularga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar muhim omil bо‘layotganini qayd etish lozim. Binobarin katta hayotga qadam qо‘yayotgan yoshlar, avval ish bilan band bо‘lmagan xotin-qizlarning ham hech ikkilanmay biror-bir tadbirkorlik faoliyatini yо‘lga qо‘yishga harakat qilayotgani, tez fursatda sohada muvaffaqiyatlarni qо‘lga kiritayotgani shunchaki tasodif emas.

Dehqonobodlik Barno Xoliqulovaning ham yoshligidan tikuvchilikka qiziqishi baland edi. Intilishi bois bu hunarni mukammal egallab, tanish-bilishlar orasida chevarligi bilan nom qozondi. Bugun esa u tumanning tadbirkor ayollari safida. О‘tgan yili "Har bir oila - tadbirkor" dasturi asosida bankdan 30 million sо‘m imtiyozli kredit olgan chevar 7 ta zamonaviy tikuv mashinasi xarid qilib, tadbirkorlik faoliyatini boshlab yubordi. Hozirda u rahbarlik qilayotgan "Xoltо‘rayeva Saodat" xususiy korxonasida 10 nafar xotin-qizning ish bilan bandligi ta’minlangan.

- Ayni paytda ayollar va bolalar liboslari, ish kiyimlari, choyshablar  tikmoqdamiz, - deydi Barno Xoliqulova. - Buyurtmaga qarab bir necha turdagi tikuvchilik mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatimiz bor. Aholi bilan bir qatorda, turli tashkilotlardan ham  buyurtmalar kelmoqda. Xullas, korxonamizda doim ish qizg‘in. Bu esa bizni yanada ruhlantirib, endi faoliyatni kengaytirish imkonini beradigan boshqa rejalar ustida ham ishlayapmiz.

J.QILICHOV.

Sobir NARZIYEV olgan surat.

24-09-2019 |
Foto galereya