Avval xabar berganimizdek, bugun "Metsenat.uz" platformasida Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan eʼlon qilingan 1 mlrd. 800 mln. so‘mlik tanlov ishtirokchilari taqdimoti va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tayotgan edi.

Unda tanlovga kelib tushgan 214 loyihadan 181 tasi nizom talablariga mosligi uchun ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqilgan va ularning 18 tasi grant mablag‘larini olishga tavsiya etilgan.

Bugun ushbu loyihalarning taqdimoti o‘tkazildi. Ekspertlar loyihalarni tanlashda avvalgilarini takrorlamasligi, dolzarbligi va boshqa platformalarga bog‘lanishiga alohida eʼtibor qaratdi. Bu qatʼiy talab o‘z-o‘zidan ayrim loyihalarni mukammal yaratilmaganini ko‘rsatib berdi.

Ushbu 18 ta loyiha uchun 1 mlrd. 127 mln. so‘m berish rejalashtirilgan, - dedi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori Orifjon Bazarov. - Demak, mablag‘ni javobgarligi ham bor. Ertaga odamlar "1 mlrd. 200 mln. sarflagan loyihalaringiz jamiyatga, davlatga nima qilib berdi?", degan haqli savol bilan murojaat qiladi. Javob berish og‘ir bo‘ladi. Yoshlarimizda maqsad faqat moddiy manfaat bo‘lib qolmasligi kerak.

Yakunda ishchi guruh 364 mln. 200 ming so‘mlik 5 ta loyihani hayotga tatbiq etsa bo‘ladi, deb maʼqullashdi. Qolgan 13 ta loyihani qayta ko‘rib chiqishga yoki tanlovning keyingi bosqichiga kiritish taklifi berildi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi

Axborot xizmati.

16-04-2021 |
Foto galereya