«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi «Ishchi guruh» a’zolari, jurnalist va blogerlar Qashqadaryo viloyatining Gʻuzor tumanida qurilish ishlari davom ettirilayotgan «GTL Uzbekneftegaz» zavodida bo‘ldilar.

Deputat Rasul Kusherbayev, jurnalist Xurshid Daliyev, Bahodir Ahmedov, blogerlar – Nurbek Alimov, Otabek Ortiqov, Umid Karimov zavodda bugungi kunda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining so‘nggi bosqichi bilan yaqindan tanishdilar.

Boshqaruv raisi tashrif buyurganlarga qurilish va montaj ishlari holati, «GTL Uzbekneftegaz» zavodida mash’ala qurilmasi ishga tushirilgani borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

«Ishchi guruh» a’zolari, jurnalist va blogerlar zavodda amalga oshirilayotgan qurilish jarayonini ko‘zdan kechirish maqsadida, qurilish maydonida bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlarni guvohiga aylanishdi.

Shundan so‘ng, «Uzbekneftegaz GTL» zavodining laboratoriyasida 100 dan ortiq zamonaviy yuqori texnologiyali uskunalar va uning ishlash tizimi bo‘yicha zavod direktori Fahriddin Abdurasulov tushunchalar berdi.

Ushbu uskunalar olingan natijalarning aniqligini oshirish, inson omilini bartaraf etish va mehnat unumdorligini oshirish imkonini berishi, laboratoriyada kuniga jami 4 000 gacha tahlil bajarish mumkinligi bo‘yicha batafsil axborot berildi.

«GTL» zavodi laboratoriyasining o‘ziga xosligi turli xil qo‘llash segmentlari, jumladan, gazni qayta ishlash, gaz kimyosi, shuningdek, neftni qayta ishlash va neft kimyosi uchun ko‘plab tadqiqot usullarini qo‘llashdan iborat.

Boshqaruv raisi laboratoriyada ish faoliyatini davom ettirayotgan yosh mutaxassislar bilan suhbatda bo‘lib, ularning ingliz tili va texnologiyalar bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

Suhbat asnosida ularning texnologiyalarni ishlatishi, har bir harakatni bajarish holatlari o‘rganildi.

Yosh mutaxassislar o‘z navbatida, laboratoriya xodimlari zamonaviy sinov usullari, jumladan, «ASTM International» xalqaro standartlariga muvofiq sinovlarni o‘tkazish usullarini o‘zlashtirganliklarini ma’lum qilishdi.

Boshqaruv raisi hozirgi kunda «GTL» zavodi Markaziy laboratoriyasining milliy va xalqaro akkreditasiyasiga tayyorgarlik ishlari faol olib borilayotganini ma’lum qildi.

Tashrif davomida investisiya loyihasining amalga oshirilishi, qurilish-montaj ishlarini yakunlash holati, tashqi infratuzilma ob’yektlari qurilishining olib borilishi, shuningdek, «Uzbekneftegaz GTL» korxonasining ishga tushirish-sozlash oldi va ishga tushirish-sozlash ishlarining amalga oshirilish jarayonlari o‘rganildi.

Bugungi kunga kelib, korxonaning qurilish maydonida asosiy qurilish-montaj ishlari yakunlanib, ishga tushirish-sozlash oldi va ishga tushirish-sozlash ishlari bosqichma-bosqich faol sur’atlarda olib borilmoqda.

Ushbu yirik loyiha o‘zining yakuniy bosqichiga yetib keldi. Umumiy ishlar ko‘lamining 96 foizdan ortig‘i bajarildi. Zavodning qurilish maydonida qurilish-montaj ishlari yakunlanib, obodonlashtirish ishlari faol sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

Ishga tushirish-sozlash oldi va ishga tushirish-sozlash ishlarini bajarishda hozirgi kunda 500 dan ziyod texnika jalb etilgan bo‘lib, qurilish maydonida 9 mingdan ortiq kishi mehnat faoliyatini davom ettirmoqda.

Shuningdek, zavodning ma’muriy binosi qurilish ishlarining borishi o‘rganildi va bu yerda ishchi-xodimlarning ishlashlari uchun zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilishi va shunga qarab qurilishni davom ettirilishi kerakligi ta’kidlandi.


Manba: Xabar.uz

12-07-2021 |
Foto galereya