Qayd etish kerakki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyati “inson – jamiyat – davlat”, “Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Ayniqsa, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda fuqarolarning ishtirokini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etishda ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari Davlat byudjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash, atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatishga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, shaharsozlik hujjatlari loyihalari jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishi mustahkamlanmoqda.

Umuman olganda, demokratik jamiyat barpo etish, inson qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi barcha qatori fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan ham iliq kutib olindi.

Shunday ekan, biz nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ham erkin va adolatli fuqarolik jamiyatiga asoslangan huquqiy-demokratik davlat qurish bilan bogʻliq saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlagan holda barchani Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda va muhokama jarayonlarida faol boʻlishga chorlaymiz.

 

Davron SHODMONOV
“Yuksalish” harakati Qashqadaryo boʻlinmasi rahbari,
viloyat Kengashi deputati

15-03-2023 |
Foto galereya