bahor ayyomlari kabi go‘zal, beg‘ubor, mehrli
Yurtimizda Navro‘z shukuhi kezmoqda. Tabiat va jamiyatdagi yangilanishni o‘zida mujassam etgan bu bayram xalqimiz dunyoqarashi, o‘ziga xos milliy anʼanalari va badiiy tafakkurining noyob mahsulidir. Olam chiroy ochgan shu pallada yurtdoshlarimiz katta sayilgohlar, bog‘-rog‘lar, dalalar, lolalarga burkangan qir-adirlarda, shaharlarimizdagi xiyobon va maydonlarda bayram saylini o‘tkazadi.
Qashqadaryoda bayram sayillari baxshilar ijrosisiz o‘tmaydi. Ayniqsa, Dehqonobod tog‘lari etaklaridan boshlangan sayillar O‘zbekiston xalq baxshisi Qahhor RAHIMOVning serjilo ijro namunalari bilan o‘zgacha shukuh kasb etadi. U kuylagan terma va dostonlar tinglovchiga katta zavq-shavq bag‘ishlaydi, kishilarni yaxshilikka chorlaydi, maʼrifat tarqatadi. 45 yildirki, qo‘lida sozi, ruhida parvozi bilan odamlarga maʼnaviy quvvat berib, qanot bag‘ishlab kelayotgan Qahhor baxshi Rahimov bilan suhbatimiz xalq dostonlarining rang-barang namunalari, yurtimiz hamda xalqaro miqyosdagi shuhrati, dostonchilik maktablari haqida bo‘ldi.
— Qahhor aka, keling, suhbatni yurtimizda xalqimizning milliy o‘zligini, qadimiy tarixi va tilini, uning hayot tarzi, anʼana va urf-odatlarini o‘zida mujassam etadigan, umumbashariy madaniyatning ajralmas qismi sifatida tan olingan baxshichilik sanʼatiga berilayotgan eʼtibor xususidagi mulohazalar bilan boshlasak.
— Baxshilar so‘zlashi oldidan bir og‘iz qo‘shiq aytmasa, uning ichidagi gaplari tashqariga chiqmaydi. Ruxsat bersangiz, so‘zim avvalida bir terma aytib bersam:
Do‘mbiramni qo‘lga olib sayradim,
Sozni chertib keng davrada yayradim.
Chechan tilim, so‘zlarimni qayradim,
Bulbuldayin sayrab chiqqan do‘mbiram.
Qo‘lga olsam bulbul bo‘lib sayraysan,
Tirnog‘imni qo‘sh toringga qayraysan.
Meni shod qilib, o‘zing ham yayraysan,
Otamdan meros qolgan do‘mbiram.
Keyingi yillarda yurtimizda xalqqimizning nodir bu sanʼatini asrab-avaylash va rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada bir necha hujjatlar qabul qilindi. “Alpomish” dostonining ming yilligi keng nishonlandi, Termiz shahrida Alpomish haykali, Samarqand shahrida atoqli baxshilarimiz xotirasiga bag‘ishlab yodgorlik majmualari bunyod etildi. Davlatimiz tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi” faxriy unvoni taʼsis qilingani biz, baxshilar ko‘ksini tog‘ etdi.
Bugungi kunda Termiz shahrida baxshichilik maktabi, respublikamizdagi bolalar musiqa va sanʼat maktablarida folklor sinflari faoliyat ko‘rsatmoqda. Yurtimizda ko‘p tomlik “Qoraqalpoq folklori” to‘plamlari chop etildi, 100 tomlik “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” majmuasi nashr etilmoqda. Baxshi-shoirlar tomonidan ijro etilayotgan asarlarni yozib olish, ularni ilmiy o‘rganish ishlari davom etmoqda.
2019 yilda Termiz shahrida ilk bor o‘tkazilgan Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali jahon miqyosidagi yirik madaniy hodisa bo‘ldi. Festivalga dunyoning 74 ta davlatidan 160 dan ziyod baxshi, jirov, o‘zan, go‘yanda kelib, Termizda jamuljam bo‘ldi. Bir-birimizni tanidik. Bir-birimizning sanʼatimizning ijro etilishi usullarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik.
Bunday eʼtibordan ko‘kka yuksaldik. Chang bosgan do‘mbiralarimiz tilga kirdi. Avvallari biror tadbirga chaqirilsak, ikkilanib borar edik. Bizning ham kimgadir keragimiz bormikan, deb. Hozir ko‘kragimizni kerib, xursandchilik, katta ruhiyat bilan tadbirlarga kirib boryapmiz. Eng nufuzli tadbirlarda baxshi sifatida qatnashib kelayotganim men uchun katta baxtdir. O‘zim Dehqonobodda tug‘ilib o‘sganman. Avvallari Qarshidan nariyog‘iga o‘ta olmaganman. Hatto termalarimiz tuman gazetalarida bosishga lozim ko‘rilmagan, “Bu eskilik sarqiti, aytadigan bo‘lsangiz, yangi ruhda ayting”, deyilgan paytlar bo‘lgan. Bugun esa dostonlarimiz, termalarimiz katta kitob holida nashr etilyapti. Bunday eʼtibordan ruhlanib, ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan baxshichilik sanʼatini yurtimizda va dunyoda keng targ‘ib qilishga bel bog‘laganmiz.
— Xalqimiz badiiy tafakkurining sarchashmasi bo‘lgan baxshichilik sanʼatining tarixi, taraqqiyot bosqichlari haqida to‘xtalsangiz.
— Rahmatli otam Qodir baxshi bu sanʼat tarixi haqida turli rivoyatlar aytib berardi. Insoniyat o‘z taraqqiyotining ilk bosqichlaridayoq maʼnaviy ozuqaga ehtiyoj sezgan. Tabiat hodisalarini tushuna boshlagach, qushlarning sayrashi hayratomuz yangilik bo‘lib tuyulgan. Rivoyatlarga ko‘ra, qadim zamonlarda bir cho‘pon mol boqib yurganida otning yoli cho‘pga ilinib qolganini ko‘radi. Ana shu yol shamolning tebranishi asnosida ovoz chiqarayotgandek bo‘ladi. Shunda cho‘pon uzun ot yolini cho‘pga tortishga urinadi. Do‘mbira shu tariqa paydo bo‘ladi. Do‘mbiradan keyin unga qo‘shilib ijro qilinadigan holatlar, keyinroq esa ilk baxshilar yuzaga keladi.
Baxshi degani kim o‘zi? “Baxshi”ning lug‘aviy maʼnosi — maʼrifatchi, ustoz, xalqning ruhiyatini ko‘taruvchi, deganidir. Baxshi, yaʼni dostonchi sanʼatkorlarni el orasida soqi, sannovchi, sozchi, jirov, manaschi deb ham ataganlar. Ular doim ichki, bo‘g‘iq ovozda kuylagan. To‘g‘ri, tashqi ovoz bilan ham aytilgan qo‘shiqlar bor. Ammo bunday qo‘shiqlar nimagadir insonning qalbiga yetib bormaydi. Chunki baxshichilikda ichki ovozda qo‘shiq kuylash anʼanasi mavjud. Ichki ovozda o‘n-o‘n besh soatlab doston aytgan baxshilar bo‘lgan.
Dostonchilik buyuk bir millatning qadriyati, merosi. Xalq og‘zaki ijodida namoyon bo‘layotgan neki bor, u xalqniki. Biz uning ijrochilarimiz. Biz kitobni bir boshdan yodlab olib kuylamaymiz. Kuy ham, so‘zlar ham holatdan kelib chiqib, quyilib keladi. Bunda duo bor, bunda odob-axloq, vatanga muhabbat, yigitning yigitday bo‘lishi, botirning botirday bo‘lishi kerakligi kabi bir qancha qadriyatlar bor. Masalan, “Alpomish” dostonini olaylik. Bu doston bizga insonparvarlik fazilatlaridan saboq beradi. Odil va haqgo‘y, or-nomusli, sadoqatli bo‘lishga, elu yurtni sevishga, uni turli yotlardan himoya qilishga o‘rgatadi.
— Yurtimizda baxshichilik, dostonchilikning o‘ziga xos maktablari shakllangan. Ana shu maktablar bir-biridan nimasi bilan farq qiladi? Ularda ustoz-shogird anʼanalari qay darajada yo‘lga qo‘yilgan?
— Darhaqiqat, yurtimizning Qashqqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida baxshichilik sanʼati rivojlangan, alohida-alohida maktablari yaratilgan. Qo‘rg‘on, Bulung‘ur, Narpay, Sherobod, Qamay kabi turli dostonchilik maktablarida yetishib chiqqan baxshilar o‘z ijro uslubi, imkoniyati, repertuari bilan bir-biridan farqlanib turgan. Bulung‘ur dostonchilik maktabi azaldan qahramonlik dostonlarini ijro etib kelgani bilan mashhur. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li va Po‘lkan shoir nomi bilan bog‘liq bo‘lgan Qo‘rg‘on dostonchilik maktabida, asosan, lirik ishqiy qissalar kuylanadi.
Sherobod dostonchilik maktabida sozga, ovozga, so‘zga eʼtibor qilinadi. Yozma adabiyot vakillariniki singari qolipga solingan to‘rtliklar, matn, sheʼriy qism — hamma-hammasi juda chiroyli, ravon ijro etiladi. Xorazm dostonchilik maktabida musiqa yetakchilik qiladi. Xorazm baxshichilik maktabi vakillari cholg‘u ansambli jo‘rligida ichki ovozda kuylaydi. Ayniqsa, epik asarlarni talqin qilishda jamoaviy ijrochilik yetakchilik qiladi. Xorazm dostonchilik maktabi “Shirvoniy” (Xiva) va “Ironiy” (Mang‘it) nomli ikkita yo‘nalishga bo‘linadi. Bu maktablar qadimiy ildizlarga ega. Uslub va lahja, yorqin va jonlantiruvchi qo‘shiq, ashula va ohangga ega.
Qashqadaryo baxshichilik sanʼati yetuk doston ijrochisi bo‘lmish padari buzrukvorim Qodir baxshi Rahimov nomi bilan bog‘liq.
Bizning sulolamiz baxshilar sulolasi. Ajdodlarimiz baxshi o‘tgan. Otam Qodir baxshi mashhur edi. Yetmishdan ortiq dostonni yoddan bilgan.
Otam “Alpomish” dostonini kuylayotganda, Alpomish qalmoq mamlakatidagi zindondan chiqib, zolimlardan qutulib, ona Vatani — Boysun-Qo‘ng‘irotga qaytayotgan holatini shunchalar zavq bilan to‘lib-toshib, xuddi o‘z Vatani ozod va mustaqil bo‘lganday, berilib kuylar edi. O‘sha qo‘shiqlar ohangida Vatanga muhabbati tinglovchiga yaqqol sezilib turardi. O‘zi ham tog‘ qadar yuksalib borardi. So‘z, soz va ichki ovozning qudratini ko‘ringki, doston tugagach, odamlar xuddi Alpomishday guvranib, suyunib, shodu xurram uylariga tarqalib ketar edi.
Bugun biz otamiz ardoqlagan sanʼatni davom ettiryapmiz. Ham o‘g‘lim, ham shogirdim Ilhom baxshi ko‘plab nufuzli tanlovlarda g‘olib bo‘lib, orzularimni ro‘yobga chiqaryapti. Ilhom baxshi oltinchi avlod. Shogirdlik bizda juda yuqori saviyada tashkil etilgan.
— Ijod ahliga doim nimadir ilhom berishi kerak. Sizga nima ilhom beradi, nima parvoz bag‘ishlaydi?
— Do‘mbiramni qo‘lga oldimmi, go‘yo o‘zimni unutaman. Do‘mbiram sayraganda ko‘nglim ochilib, fikrim yana-da teranlashadi. Kundan-kun yashnayotgan diyorimizdagi har bir o‘zgarish menga ilhom beradi. Bunyodkorlik, taraqqiyot biz, baxshilarning ko‘z o‘ngimizda bo‘lyapti. Ana shularni ko‘rib, do‘mbira chalib, kuylay boshlaysan.
Vatanim, noming ulug‘ quyoshdan, oydan,
Shamoling esadi jannatday joydan.
Aylanay, tuprog‘ingni oltin qilgan Xudoydan,
Qahhor baxshi aytsa, bitmas dostonsan,
Zo‘rlarga tenglashgan O‘zbekistonsan!
O‘nga yaqin termam Vatanimiz mustaqilligiga, yurtimiz ravnaqiga bag‘ishlangan. Ijodimning kichik namunalarini jamlab, “Istiqlol” nomli yangi zamonaviy doston yaratdim. O‘zbek dostonlarining dovrug‘ini dunyoga yoyish orzuim bor. 2016 yil “Alpomish” dostonim turk tilida chop etilgandi. “Temur va Boyazid” degan dostonim 2019 yilda turk tilida do‘mbira notalari va tahlillari hamda videoyozuvlari bilan Anqarada qayta nashr etildi.
— Ayni kunlarda yurtimizda Navro‘z shukuhi kezib yuribdi. Navro‘z bilan baxshichilikning qanday mushtarak jihatlari bor?
— Ikkisi ham qalbga umid beradi. Ruhiyatni ko‘taradi, asriy anʼanalarga oshno etadi. Navro‘z sayilgohlarida baxshilar dostonlar kuylaydi. Dostonlar ham xuddi ko‘klam bayramidek go‘zal, beg‘ubor va mehrli bo‘ladi. Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni yangilanish va yasharish faslining go‘zal ayyomi — Navro‘z bilan muborakbod etaman! Barchamizga omonlikda uchrashish nasib etsin!
Risolat MADIYEVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri