O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabida bugungi kunda 146 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Qarshi shahrida qad rostlagan mazkur maktab o‘tgan uch yil ichida o‘nlab iste’dodli o‘quvchilarni kashf etdi.
 
Maktab o‘quvchilari “Bilimlar bellashuvi” va fan olimpiadalarida ona tili va adabiyot, tarix, ingliz tili, biologiya, kimyo, matematika fanlaridan yuqori ko‘rsatkichlarga erishdi. 2019 yilda 9-sinf o‘quvchisi  E’zoza Alisherova “Sakura science program” dasturi asosida Yaponiya ilm-fan va texnologiyalari agentligi tashkil etgan anjumanda Abdulla Oripov she’rlarini ingliz va yapon tillarida o‘qidi. U beshta til, jumladan, yapon tilida ham gapirishni o‘rgandi.
 
E’zoza 2019 yilda ta’lim yo‘nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Hozirgi kundaToshkent davlat yuridik institutining 1-bosqich talabasi.
 
Maktab o‘quvchilaridan Sevinch Omonova, E’zozbek Cho‘liyev, Dilbek Bozorov, Bobomurod Sa’dullayev, Shahina Sobirova, Madina Omonova Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi o‘tkazgan “Yilning eng yosh iste’dodli shoiri”, “Yosh kitobxon”, “Zakovat”, “Hayotni sev”, “Yil hikoyasi — 2020”, “Temur tuzuklari bilimdonlari” kabi ko‘rik-tanlovlarda g‘olib bo‘ldi.
 
Maktab o‘quvchilarining ijod mahsuli “Mitti yulduz jilolari”, “Yana bahor keldi”, “Vatan baxti”, “Quvnoq bolalar” kabi to‘plamlarda chop etildi. — Abdulla Oripov ijodi nafaqat milliy, balki umum insoniy g‘oyalar bilan ham sug‘orilgan, — deydi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Yoqutxon Jamolova. — Shu bois, shoir she’rlarini xorijiy tillarga o‘girish, tarjimonlar.
 
tayyorlashga ham e’tibor qaratyapmiz.  O‘quvchilarimiz  Abdulla Oripovning “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?”, “Qushcha”, “Ona tilim”, “Mitti yulduz”, “Ona” she’rlarini ingliz va rus tillariga tarjima qildi. Shoir ijodidan qilingan tarjimalar ijtimoiy tarmoqlarda xorijlik olimlar tomonidan yuritilayotgan sahifalarda muntazam yoritib borilmoqda.
2019 yil Qarshi shahrida Abdulla Oripov xotirasiga bag‘ishlangan “OLTIN SO‘Z” (“GOLDEN WORD”) xalqaro adabiyot festivali bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning o‘nga yaqin davlatidan kelgan ijodkorlar qatnashdi.  Ushbu xalqaro anjuman 2020 yilda pandemiya tufayli onlayn tarzda o‘tkazildi. Unda 35 davlatdan vakillar ishtirok etdi. Tadbirda maktabning 10-sinf o‘quvchisi Sevinch H amroyevaning she’riy to‘plami ko‘pchilik e’tiboriga tushdi.
 
— Ijod maktabi shaxsan menga juda ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Eng muhimi, ko‘zlangan maqsadga faqat bilim orqali erishish mumkinligini angladim, — deydi  Sevinch Hamroyeva. — Prezidentimizga Qashqadaryo viloya tiga tashrifi chog‘ida o‘zimning she’rimni o‘qib berish baxtiga muyassar bo‘ldim. “Qalb chizgisi” she’riy to‘plamim Buyuk Britaniyada ingliz tilida chop etildi.
 
Bugungi kunda ilm-fan taraqqiyotini axborot-kommunikasiya texnologiyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ta’lim dargohidagi o‘quv xonalari, laboratoriyalarning barchasi optik tolali yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulangan. Sinf xonalari eng so‘nggi rusumdagi kompyuter, interaktiv doska va videoproyektorlar bilan jihozlangan. Maktab o‘quvchilari o‘zbek tili va adabiyoti bilan birga ingliz tili, axborot texnologiyalari fanlarini ham chuqur o‘zlashtirishga harakat qilmoqda. Ta’lim dargohining 7-8 sinf o‘quvchilari Azizbek  Omonov va Sarvar Sa’dullayev “Abdulla Oripovni birga o‘rganamiz” kompyuter dasturini ishlab chiqdi. U “Scratch” vizual dasturlash uslubida yaratilgan.
 
 — Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab yaratilgan ushbu dastur orqali shoir hayoti va ijodi haqida keng ma’lumotga ega bo‘lasiz, — deydi Sarvar Sa’dullayev. — Unda o‘rgangan ma’lumotlaringiz asosida test sinovidan o‘tishingiz ham mumkin. Agar bitta savolga to‘g‘ri javob bersangiz, hisobingizga 20 ball qo‘shiladi. Noto‘g‘ri javob qaytarsangiz, 10 ball olib tashlanadi. Balingiz 50 dan past chiqsa, siz yanada ko‘proq o‘qishingiz, o‘rganishingiz kerak, degan motivasiya beriladi. Shu orqali shoir hayoti va ijodini chuqur o‘rganish mumkin.
 
Maktabning birinchi qavatida shoir xotirasiga ehtirom sifatida moʻjaz muzey tashkil etilgan. Undan 300 dan ortiq eksponat o‘rin olgan. Abdulla Oripov ulg‘aygan beshik, shoir bolaligi bilan bog‘liq sandal, she’riyat kechalari, kitobxonlik, oila davrasida, ijodkor onasi Turdi Karvon qizi, otasi Orif ota, bolalik yillari, tahsil olgan maktabi binosi, ustoz lar, xorijiy mamlakatlarga qilingan safarlar aks etgan suratlar, ijodkorning ilk “Mitti yulduz” kitobi, hayotining so‘nggi kunlarida qoralagan she’rlari, nashr etilgan kitoblari va esdalik sovg‘alar shular jumlasidan. Ular orasidan noyob bir eksponat — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining ilk qo‘lyozma nusxasi ham o‘rin olgan.
 
 Prezidentimizning “O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori  o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli shoir, taniqli jamoat arbobi, Davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov ijodiy merosiga bo‘lgan yuksak e’tibor namunasidir. Ayni paytda maktabda mazkur sanani munosib nishonlash uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Ijod maktabi hududi hamda shoir haykali joylashgan maydonda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilyapti. Bundan tashqari, barcha ijod maktablari o‘rtasida “Mitti yulduz jilolari” she’riyat musobaqasi, “Nazm dorilfununining betakror shoiri” mavzusida respublika ilmiy-nazariy konferensiyasini o‘tkazish, ijod maktabi faoliyati hamda o‘quvchilar she’rlari jamlangan bayoz nashr etish kabi tadbirlar ko‘zda tutilgan.
 
Risolat MADIYEVA,
 
 “Yangi O‘zbekiston” muxbiri
11-03-2021 |
Foto galereya