Ma’lumki, aholini rо‘yxatga olish mamlakat fuqarolarining muayyan vaqtdagi "fotosurat"ini kо‘rish imkonini beruvchi davlat miqyosidagi keng kо‘lamli tadbir bо‘lib, u odamlarning yoshi, jinsi, milliy tarkibi, ma’lumot darajasi, nikoh holati, bandligi va boshqa tavsiflari haqida ma’lumotlar olishning yagona manbai bо‘lib xizmat qiladi.

Qadimgi Gretsiya, Mesopotamiya, Rim, Xitoy, Yaponiya va Misrda aholidan soliq yig‘ish hamda harbiy maqsad uchun odamlar sonini aniqlash uchun rо‘yxat tuzilgan bо‘lib, ularda asosan erkaklar qayd qilingan. Birinchi rasmiy rо‘yxatga olish esa 1790 yilda  AQShda, 1800 yilda Shvetsiya va Finlyandiyada, 1801 yilda Angliya, Daniya, Norvegiya va Fransiyada amalga oshirilgan. Ammo bu rо‘yxatlar juda oddiy shaklda hamda uzoq muddatga chо‘zilgan. Masalan, AQShda aholini rо‘yxatga olishga dastlab bir yarim yil sarflangan.

XIX asrga kelib qator Yevropa mamlakatlarida statistika tashkilotlari tuzildi. Rо‘yxatga olish ilmiy dasturlar asosida olib borila boshladi. Xususan, 1870-1879 yillarda dunyoning 48 ta, 1890-yillarda esa 57 ta davlatida aholi rо‘yxati о‘tkazilgan. XIX asr oxirida dunyo aholisining 21 foizi, XX asr boshida 54 foizi qamrab olingan. Ikkinchi jahon urushidan keyin aholini rо‘yxatga olish tizimi yanada takomillashdi. 1945-1954 yillarda 151 ta davlatda, 1965-1974 yillarda 179 ta davlatda aholi rо‘yxatga olingan.

Xalqaro tavsiyalarga kо‘ra, aholini rо‘yxatga olish quyidagi muhim tamoyillarga asoslanadi:

  1. Rо‘yxatga olish qat’iy markazlashtirilishi ushbu tadbirni muvaffaqiyatli о‘tkazishning asosiy shartlaridan biridir.
  2. BMT tavsiyalariga kо‘ra, aholini rо‘yxatga olish 10 yilda kamida bir marotaba о‘tkazilishi belgilangan.
  3. Rо‘yxatga olish maxsus mutaxassislar - hisobchilar tomonidan о‘tkazilib, ular tarkibiga ziyolilar, talabalar ham kiritilishi mumkin.
  4. Aniq muddatda о‘tkazish. Bunga odatda 10-12 kun talab etiladi. Rо‘yxatga olish bir necha kun davomida о‘tkazilsa ham, ma’lumotlar aniq bir vaqtda - kо‘pincha rо‘yxatga olish birinchi kunining 0 soatdagi holati bо‘yicha qayd etiladi. Bu aholini rо‘yxatga olishning nozik vaqti, deb ham ataladi.

Masalan, chaqaloq aholini rо‘yxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin tug‘ilgan bо‘lsa, u aholi rо‘yxatiga kiritilmaydi. Lekin, kimdir bu aniq muddatda hayot bо‘lib, shundan keyin, ya’ni rо‘yxatga olish davrida vafot etsa, u aholi rо‘yxatiga kiritiladi.

  1. Aniq dastur mavjudligi va unga qat’iy rioya qilinishi. Aholini rо‘yxatga olish dasturi - rо‘yxatga olishda muayyan talablarni hisobga olgan holda, aholiga murojaat qilinadigan savollar rо‘yxatini, ma’lumotlarni qayd etish, tо‘plash, qayta ishlash, yakuniy ma’lumotlarni e’lon qilish tartiblarini о‘z ichiga oladi.
  2. Aholini rо‘yxatga olishda kimdir unutib qoldirilishi yoki ikki marta rо‘yxatga olinishi hollari uchrasa ham, mavjud aholining rо‘yxatdan joy olishini ta’minlash asosiy vazifa hisoblanadi.
  3. Ma’lumotlarning maxfiy-ligi va shaxsiylashtirilishi. Aholini rо‘yxatga olishda individual asosda har bir shaxs tо‘g‘risidagi yakka ma’lumotlar tо‘planadi. Shu bilan birga, respondentlardan olingan ma’lumotlarning nomsizligi kafolatlanadi. Rо‘yxatga olish varaqasidan faqat natijalarni umumlashtirish uchun foydalaniladi.
  4. Ixtiyoriylik. Shaxs tо‘g‘risidagi ma’lumotlar sо‘ralayotgan respondentning javoblari (kichik yoshdagilar uchun - ota-onalari yoki ular о‘rnini bosadigan shaxslar) asosida qayd qilinadi va buni hujjat bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

Kо‘pgina mamlakatlarda aholini rо‘yxatga olish qonun bilan tartibga solinadi. Masalan, Buyuk Britaniyada 1920 yilda Qо‘shma qirollikda aholini rо‘yxatga olish qonuni qabul qilingan bо‘lib, unda barcha qoidalar, fuqarolar, uy xо‘jaliklari, korxonalar va muassasalarning qaysi toifalari rо‘yxatga olinishi, rо‘yxatga olishni kim о‘tkazishi, sо‘rov varaqalari qanday bо‘lishi kerakligi belgilab qо‘yilgan. Bundan tashqari, aholini rо‘yxatga oladigan hisobchilarni yollash qoidalari, ularning xizmat vazifalari hamda rо‘yxatga olish taomillari kо‘rsatilgan.

Buyuk Britaniyada har galgi aholini rо‘yxatga olishdan taxminan bir yil avval bunga doir alohida qonun hujjati qabul qilinadi (bunda albatta 1920 yilgi qonun hujjatiga havola qilinadi). Rо‘yxatga olish har о‘n yilda, odatda, aprel oyida о‘tkaziladi. Bu sananing tanlanishi mamlakatda aholi о‘rtasida ommaviy tadbirlarning о‘tkazilishi uchun ob-havo qulay bо‘lishi bilan izohlanadi.

Mamlakatda aholini rо‘yxatga olishga jalb qilinadigan ijtimoiy xodimlarga qat’iy talablar qо‘yiladi. Ular maxsus kurslarda tayyorgarlikdan о‘tishlari shart. Bu xodimlar rо‘yxatga olish boshlanishidan uch kun avval о‘z hududlaridagi aholini sо‘rov varaqasini tо‘ldirish bilan tanishtirib chiqishlari talab qilinadi.

AQShda 1790 yildan buyon, har 10 yilda aholini rо‘yxatga olish о‘tkazib kelinadi. AQSH Konstitusiyasida "Vakillar palatasidagi joylar va tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri soliqlar Ittifoqqa kiruvchi shtatlar bо‘yicha ularning aholisi soni asosida taqsimlanadi. Aholining amaldagi soni Qо‘shma Shtatlar Kongressi birinchi majlisidan keyin uch yil mobaynida, keyin har о‘n yilda muntazam hisoblab chiqiladi", deb qayd etilgan.

An’anaga kо‘ra, AQShda aholini rо‘yxatga olishga muhim umumdavlat ahamiyatiga ega tadbir sifatida qaraladi, unda barchaning ishtirok etishi Amerika demokratiyasi amal etishining zarur sharti, deb baholanadi.

Polshada ham aholini rо‘yxatga olish uzoq tarixga ega. Bu yerda mazkur tadbir Yevropada ilk bor - 1764 yilda о‘tkazilgan. Polshaning 1999 yildagi aholi rо‘yxati tо‘g‘risidagi qonuniga muvofiq, mamlakat fuqarolari rо‘yxatga oluvchi hisobchini xonadoniga kiritib, uning savollariga javob berishi yoki sо‘rovnoma varag‘ini о‘zi tо‘ldirishi mumkin. Ularning qonuniga muvofiq, Polshaning har bir fuqarosi sо‘rovnoma savollariga tо‘la va haqqoniy javob berishi shart. Ma’lumot berishdan bosh tortish uchun jarima tо‘lanadi, yolg‘on ma’lumot berganlik uchun esa ozodlikdan mahrum etilishi ham mumkin.

Manbalarda keltirilishicha, О‘zbekiston hududida dastlabki aholi rо‘yxati 1897 yilda о‘tkazilgan bо‘lib, undagi ma’lumotlar XIX asr oxirida mavjud oilalar, aholi soni, yoshi va jinsi, etnik tarkibi, tug‘ilish, о‘lim kabi demografik jarayonlar haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Biroq О‘zbekistonda aholini rо‘yxatga olish tо‘g‘risida qonun qabul qilinmagan. Shuning uchun davlat rahbarining 2019 yil 5 fevraldagi "О‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini rо‘yxatga olishni о‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash tо‘g‘risida"gi farmonida alohida band sifatida О‘zbekiston Respublikasining "Aholini rо‘yxatga olish tо‘g‘risida"gi Qonuni loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklandi.

Yana bir jihati, mustaqillik yillarida mamlakatimizda aholini rо‘yxatga olish ishlari о‘tkazilmagan. О‘z navbatida aholi soni, yosh-jins tarkibi, hududiy joylashuvi xususiyatlari va boshqa ijtimoiy-demografik holatlaridagi о‘zgarishlar aholining joriy hisobi bо‘yicha mavjud ma’lumotlarni qо‘llashni sezilarli darajada cheklamoqda.

Shundan kelib chiqqan holda    О‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini rо‘yxatga olishni о‘tkazish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Xо‘sh, respublikamizda aholini rо‘yxatga olish tadbirini о‘tkazish bizga nima beradi?

Birinchidan, ma’lum bir sanada aholining aniq soni (yoshi va jinsi tarkibi, fuqaroligi, milliy tarkibi (keng qamrovli), barcha aholi punktlari bо‘yicha soni, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, iqtisodiy faol aholi, aholi bandligi (kasbi va mutaxassisligi) va ishsizligi, daromad olish manbalari, nogironligi bо‘yicha batafsil ma’lumot olinadi.

Ikkinchidan, aholi jon boshiga makroiqtisodiy kо‘rsatkichlarni hisoblashda (yalpi ichki mahsulot, aholi daromadlari, sanoat mahsuloti hajmi, iste’mol mahsulotlari hajmi, aholiga kо‘rsatiladigan xizmatlar hajmi, qishloq xо‘jaligi mahsulotlari) ishlatiladi.

Uchinchidan, aholi migratsiyasi tо‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi.

Tо‘rtinchidan, respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam kо‘rsatish bо‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot sifatida foydalaniladi.

Beshinchidan, statistika idoralari tomonidan tashkil etiladigan tanlama kuzatuvlarni tashkil etishda ma’lumotlar bazasi sifatida qо‘llaniladi.

Oltinchidan, milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish kо‘rsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritishda kо‘riladi.

Yettinchidan, aholi punktlarining infratuzilmasini yaxshilashda, mehnat resurslaridan foydalanish va joylashtirish bо‘yicha qisqa, о‘rta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda foydalaniladi.

Sakkizinchidan, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tomonidan amalga oshiriladigan tahlillar uchun keng qamrovli axborotlar manbai hisoblanadi.

Bunday ma’lumotlar ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni prognoz qilish, bandlik sohasidagi siyosatni belgilash, ijtimoiy siyosat va aholi salomatligi bо‘yicha dasturlarni yaratishda, shuningdek, davlat hokimiyati organlarining vazifalarini bajarishi, fan va jamiyatni axborot bilan ta’minlash uchun zarurdir.

Farhod TО‘RAYEV, 

viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i

Shuhrat TAYLOQOV,

boshqarma boshlig‘ining о‘rinbosari

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

17-05-2019 |
Foto galereya