23 aprel - "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya jamg‘armasi tashkil topgan kun

Imkoniyati cheklangan va kam ta’minlangan oilalarda tug‘ilgan tibbiy yordamga muhtoj bolalarni sog‘lomlashtirishga kо‘maklashish, tayanch-harakat tizimi va bо‘yin umurtqa pog‘onasi shikastlangan bolalarga "Chiroyli oyoqchalar" loyihasi doirasida mamlakat va chet el klinikalarida jarrohlik yordamini kо‘rsatish, tanasi kuygan, yuragida tug‘ma nuqsoni bо‘lgan bolalarni davolash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga yordam berish, har tomonlama qо‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarda nafaqat davlat, balki nodavlat notijorat tashkilotlarining ham alohida о‘rni bor. Ulardan biri Prezidentning 1993 yil 23 apreldagi farmoniga binoan tashkil etilgan "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondidir.

"Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Germaniyaning "Friedensdorf International" xalqaro tashkiloti о‘rtasida imzolangan uch tomonlama hamkorlik bitimi asosida 2003-2018 yillar davomida 12 yoshgacha bо‘lgan 17 nafar qashqadaryolik bola terining kuyish asoratlari, tug‘ma qо‘l-oyoq bо‘g‘imlari xastaligi va boshqa tashxislar bilan Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanishdi. Yuqori lab va tanglay nuqsoni bо‘lgan 18 bola Toshkent tibbiyot akademiyasida bepul operatsiya yо‘li bilan muolaja qilindi.

- 10-11 aprel kunlari viloyat kо‘p tarmoqli bolalar shifoxonasida germaniyalik mutaxassislar tomonidan Qashqadaryo, Surxondaryo va Buxoro viloyatlaridan kuyishdan keyingi asoratlari bо‘lgan 140 nafarga yaqin bolalar tibbiy kо‘rikdan о‘tkazildi, - deydi "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi viloyat filiali  direktori Gulnora Sharipova. - Tibbiy kо‘rik natijalariga kо‘ra holati eng og‘ir bemorlar joriy yilning avgust oyida Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanish uchun 6 oydan 3 yilgacha bо‘lgan muddatga jо‘natiladi. О‘tgan yilgi tekshiruv natijalariga kо‘ra, G‘uzor tumanining Chuqur qishlog‘ilik Adham Salimov Germaniyada murakkab jarrohlik operatsiyasini о‘tkazdi. Hozir uni sog‘lomlashtirish ishlari davom etayapti.

Tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimi jamg‘arma faoliyatining asosini tashkil etadi. Maxsus dasturga kо‘ra, oilalarning ijtimoiy sharoiti, psixologik muhiti, oila a’zolarining sog‘lig‘i va, ayniqsa, tug‘ish yoshidagi ayollar, bolalar, о‘smirlar va qariyalarning salomatligini о‘rganish, tibbiy ijtimoiy, psixologik yordam kо‘rsatish, huquqiy muhofazaga muhtoj insonlarni о‘z vaqtida aniqlash, har bir xonadonda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bо‘yicha ishlar olib boriladi.

-  Joriy yilning о‘tgan davrida viloyatning chekka hududlarida istiqomat qiluvchi tо‘rt mingga yaqin kishining tibbiy-ijtimoiy holati о‘rganilib, kerakli yordamlar kо‘rsatildi, - deydi G.Sharipova. - Bunda kо‘proq tug‘ish yoshidagi ayollar salomatligiga jiddiy e’tibor qaratildi. Qolaversa, tekshiruvlar asosida kasalligi aniqlangan ayollar, bolalar va о‘smirlarga dori-darmonlar, vitaminlar, sanitariya-gigiyena vositalari, tibbiy anjomlar, nogironlik aravachalari, harakati cheklangan bemorlarga yurish moslamalaridan iborat muruvvat yordamlari kо‘rsatildi.

Qayd etish lozim, xotin-qizlar va bolalarni jismoniy tarbiya va sportga  jalb etish fond faoliyatida muhim о‘rin tutadi. Bu borada sportning tennis, badiiy gimnastika, sinxron suzish, badminton, voleybol kabi kо‘plab turlari bо‘yicha turli musobaqalar tashkil etilmoqda.

Asosiy maqsad sog‘lom, baxtli va barkamol avlodni voyaga yetkazish ekan, bu borada faoliyat qamrovini yanada kengaytirish, fondni odamlar taniydigan tuzilmaga aylantirish darkor. Bu borada bevosita fond tashabbusi kо‘rinadigan tadbirlar uyushtirish natija beradi. Ijro uchun, yana dabdabali qо‘shma loyihalar doirasidagi qisqa harakatlar bilan bunga erishib bо‘lmasligi tayin.

Shohista BOZOROVA

 qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

 

23-04-2019 |
Foto galereya