Aziz o‘qituvchi va murabbiylar, taʼlim sohasining jonkuyar fidoyilari!

So‘zim avvalida barcha ustoz, murabbiylarni, umrini mashaqqatli va sharafli kasb – yosh avlodga bilim berishdek mehnatga bag‘ishlagan soha xodimlarini "O‘qituvchi va murabbiylar kuni" umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Bizga ilm, bilim bergan moʻtabar, mukarram insonlar oldida hamisha taʼzimdamiz.

Hayot yo‘llarida yutuq va marralarga erishib, ilm, fan cho‘qqilarini zabt etish barobarida bir buyuk zot oldida hamisha qarzdorlik hissi ortib boraveradi. Sabr va matonat, mehribonlik, jonkuyarlik bilan hijjalab o‘rgatilgan saboq, o‘qituvchi, murabbiylarning ibrati, o‘gitlari hayot manzillarida odamiylik mulki bo‘lib qoladi.

Bugun yurtimizda  taʼlim-tarbiya ishlariga ustuvor vazifa sifatida yangicha qarash bilan yondashilmoqda.  Dunyo miqyosida raqobat muhiti keskin bo‘lgan bir pallada o‘g‘il-qizlarimizning zamonaviy bilimlarni egallashi, o‘tkir va dadil fikrlari bilan jahon sahniga chiqishi uchun barcha kuch, imkoniyatlar safarbar etilmoqda.

Yurtimiz bo‘ylab qad rostlagan buyuk allomalar, mutafakkir, adib va shoirlar nomi bilan ataluvchi ijod va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar, xususiy taʼlim maskanlari, Prezident maktablari, “Temurbeklar maktablari” ning faoliyat yuritayotgani, unda isteʼdod sohiblari kamolga yetayotgani millatning ertasiga bo‘lgan eʼtibor, g‘amxo‘rlikdir. Ayniqsa, o‘quvchilarga puxta bilim berish va kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida yo‘lga qo‘yilayotgan Yakkabog‘ tajribasi”ni keng ommalashtirish taklifini tajribali o‘qituvchilar, ota-onalar mamnuniyat qarshi olayotganlari rost.

Birgina, Qashqadaryoda 2020 yil davomida 170 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti  ish boshladi. Yaqin ikki yil ichida viloyatda maktabgacha taʼlim muassasalari soni uch barobarga ortdi. Maktab taʼlimiga qaratilayotgan eʼtibor, tezda o‘z samarasini ko‘rsatib xalqimizni mamnun etmoqda. Qashqadaryolik o‘quvchilarning joriy o‘quv yilida bir emas, ikki emas, yetti xalqaro o‘quv yurtining talabasi bo‘lishi-bu faxr, fidoyi o‘qituvchilar mehnatining samarasi.

Islohotlar ortidan barcha sohalardagi kabi taʼlimning eng muhim va dastlabki, bo‘g‘ini bo‘lmish maktabgacha taʼlim tizimida ham ulkan o‘zgarishlar bo‘ldi. Xabaringiz bor, maktabgacha taʼlim 2017 yilda xalq taʼlimidan alohida ajratilib, alohida yangi vazirlik tashkil etildi.

Yuqori taʼkidlaganimizdek, islohotlar avvalida viloyatda 326 ta MTMlar bo‘lgan bo‘lsa, ularda jami maktabgacha taʼlim yoshidagi 275 123 nafar bolalardan atigi 32 059 nafar bolalar yaʼni 12 foizi qamrab olingan edi xolos. Bugungi kunda mulkchilikning turli shaklidagi maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatiga ruxsat berilgani, imtiyozli kreditlar joriy etilgani hisobiga MTMlar soni 1286 taga yetdi.

Yangi tashkil etilgan MTMlar hisobiga keyingi 3 yil ichida 3585 ta pedagoglar uchun yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Maktab taʼlimini isloh qilishning muhim poydevori esa 11 yillik majburiy taʼlimni joriy etilishi bo‘ldi. Bundan 3 yil oldin maktab o‘qituvchilarining 13 051 nafari o‘rta maxsus maʼlumotli edi. Bugun ularning soni11 549 nafarga qisqardi.

2016 yildan bugungi kunga qadar 94 ta xom g‘isht va paxsadan qurilgan maktablar binosi zamonaviy tarzda qayta qurildi va jihozlandi.

Qarshi shahrida eng rivojlangan xorijiy davlatlardagi maktablardan qolishmaydigan “Abdulla Oripov ijod maktabi faoliyatini boshladi. Qisqa muddatda ushbu maktab o‘quvchilari Respublika miqyosidagi turli tanlovlarda munosib ishtirok etib kelmoqdalar.

Bu yilgi test natijalarini ko‘rib kelgusida Ixtisoslashgan maktablar, o‘z ustiga iishlaydigan o‘qituvchilar hamda fidoyi sinf rahbarlar o‘quvchilarni kelgusida munosib kadr bo‘lib yetishlarida o‘rni katta ekanlinigi anglab yetdik. Bunday faktorlar bo‘lgan maktablarda bitiruvchilarini oliy taʼlim muassasalariga kirish ko‘rsatgichi yuqori bo‘ldi.

Kitob tumani 1-ixtisoslashgan maktabning 54 nafar bitiruvchisidan 45 nafari OTM talabasi bo‘ldi, shundan 4 nafari esa xorijiy OTMlarga qabul qilindi.Shuningdek, Shahrisabz tumanidagi 1-ixtisoslashgan maktab7-ixtisoslashgan maktabQarshi shahridagi 41-ixtisoslashgan maktablarda tahsil olgan o‘quvchilar ham yaxshi natijalar ko‘rsatishdi.

Keyingi yillarda oliy taʼlimga qabul kvotalarini oshirilishi, test sinovlarini adolatli va shaffof tarzda o‘tkazilishi, ko‘plab yangi oliy taʼlim muassasalarining tashkil etilishi, kirish imtihonlari uchun test sinovlarini o‘z hududida topshirish imkoniyatlari, bir vaqtning o‘zida 3 ta o‘quv yurtiga kirish imtiyozi berilgani, xotin-qizlar uchun alohida kvotalar belgilanishi oliy taʼlim tizimida tub ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini taʼminladi.

Viloyatda 2 ta oliy taʼlim muassasasi 1 ta OTM filiali mavjud edi. Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari ortidan yana 3 ta nufuzli OTM filiallarini ochilishi qashqadaryoliklarga katta sovg‘a bo‘ldi.

2017-2020 yillar mobaynida jami 97 nafar professor-o‘qituvchilar tomonidan dissertatsiyalar muvaffaqiyatli himoya qilindi.

Viloyatdagi OTMlar bilan Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Koreya, Rossiya, AQSH, Belarus, Xitoy, Daniya, Chexiya, Bolgariya, Polsha, Ruminiya, Portugaliya davlatlari OTMlari o‘rtasida hamkorlik o‘rnatildi.

Yana bir eʼtiborli jihati, bog‘chadan tortib, maktabgacha, oliy o‘quv yurtlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini puxta o‘rgatish, ona tilini mukammal bilishi, xorijiy tillarni o‘rganishi, yoshlarni boshqaruv sohasida yetuk mutaxassis bo‘lishi uchun belgilangan chora-tadbirlar samarali amalga oshirilmoqda.

Yuqorida islohotlar zamirida men keltirib o‘tgan yutuqlarda siz kabi o‘qituvchi murabbiylarning mehnati, salohiyati, vatanparvarligi beqiyosdir.

Kasb bayramingiz bilan yana bir bor tabriklayman. Barchangizga sihat-salomatlik, oilangizga fayz tilayman. Shogirdlar kamolidan mamnun bo‘lish baxti hamisha hamroh bo‘lsin.

Zoyir Mirzayev, Qashqadaryo viloyati hokimi.

30-09-2020 |
Foto galereya