Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning Kitob tumaniga tashrifi avvalida meva-sabzavotchilik, bog‘larni yaxshilashga bag‘ishlangan amaliy seminar o‘tkazildi.

Seminarda Kitob tumanida bog‘ va tokzor tashkillash, sabzavot etishtirishda muhim bo‘lgan ilmiy – agrotexnik ishlar, sifatli navlarni tanlash, parvarishlash kabi masalalar ko‘rgazmali taqdimot shaklida ishtirokchilarga tushuntirib berildi.

Viloyat hokimi boshchiligidagi masʼullar Kitob tumanini ijtimoiy-iqtisodiy va shu bilan birga turizm infratuzilmasini rivojlantirish va obodonlashtirish ishlarini borishini ko‘zdan kechirdi. Joylarda bo‘lib, masʼullar tomonidan tayyorlangan taqdimotlar bilan tanishdi.

Kitob tumani azaldan o‘zining tabiati va xushhavo manzilgohlari bilan kishilarni jalb etadi. Kitobning tabiatidan unumli foydalanish uchun tumandagi 6 ta turizm manzilgohlari infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Bashir qishlog‘ida “Turizm qishlog‘i” tashkil qilinmoqda. Ziyoratgohda 30 ta oilaviy mehmon uyi, turizm xizmatlari ko‘rsatuvchi 5 ta markaz, avtoturargoh, tibbiyot punkti bo‘ladi. Tashrif buyuruvchilar uchun internet va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini yaratish uchun turistik xarita, WI-FI, bankomat, axborot markazi tashkil etiladi.

Viloyat rahbarining hududda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va bunyodkorlik ishlari bilan tanishish uchun keyinga manzilga borish vaqtida Qashqadaryoning ramziy ustuni yonida to‘yini nishonlayotgan kelin-kuyovni uchratdi. Yoshlarni hayotidagi eng muhim kuni bilan tabrikladi va estalik uchun sovg‘a berdi.

Keyingi manzil tumanning qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh qismidagi qishloqlarda bo‘ldi.

Taʼkidlash kerak, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida viloyatning eng chekka qishloqlarida ham sport tadbirlari tashkil qilinmoqda. Shunday musobaqalardan birida Zoyir Mirzayev ham ishtirok etib, ularga estalik sovg‘alari taqdim etdi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi

Axborot xizmati.

20-02-2021 |
Foto galereya