Bugun – 18 fevral kuni xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining VI chaqiriq 21-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Kun tartibidagi birinchi masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-6155-sonli Farmoni ijrosini tashkil etishga bag‘ishlandi.

Sessiya qarorlarini qabul qilishda va muhokamalar jarayonida “dejurniy” gaplardan foydalanishdan qochaylik endi, - dedi Zoyir Mirzayev. - Xalqimizga foydasi tegadigan tashabbuslarni hayotga tatbiq etib, ularga "ertaga, indinga", deb emas, aniq muddat va amaliy natijalar bilan o‘rnak bo‘lishimiz kerak.

Viloyat hokimining o‘rinbosarlari xalq vakillariga Farmon ijrosiga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” yuzasidan axborot berishdi. Unda sohalar bo‘yicha har bir o‘rinbosarga aniq vazifalar taqsimlangani deputatlar tomonidan maʼqullandi. Ular tomonidan shuningdek, viloyatdagi barcha tegishli majmua tashkilotlarida ham ish tizimini tubdan o‘zgartirish va real raqamlarga tayangan holda ish olib borishni yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi.

Sessiya ishining har bir masalasi tanqidiy va deputatlarning faolligi bilan bo‘lib o‘tdi. Ayollar va yoshlar daftari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yana-da jadallashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kreditlash masalalari bo‘yicha ham kengroq targ‘ibot-tashviqot olib borish taklif etildi.

Kun tartibidagi yoshlarni ish bilan taʼminlash, ularga yer maydonlarini ajratish, jinoyatchilikka qarshi kurash borasida profilaktik tadbirlarni muntazam ravishda o‘tkazib borish, viloyatdagi har bir mahallaga malakali xodimlarni biriktirgan holda, “mahallabay” ishlash tizimini tashkil etish kabi masalalar yuzasidan deputatlar tomonidan bildirilgan takliflar, fikrlar va mulohazalarni inobatga olinib, qarorlar qabul qilindi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi

Axborot xizmati.

18-02-2021 |
Foto galereya