Yakkabog‘ tumani hokimligida videoselektor tarzida о‘tkazilgan navbatdagi hokimlik soati yig‘ilishida Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Rо‘ziyev tadbirkorlar manfaati masalasiga alohida e’tibor qaratdi,  barcha shahar va tuman hokimlarni, boshqa mas’ullarni   yana bir bor ogohlantirdi.

Hokimlik xodimlari yangi davr bilan barobar qadam tashlashi, odamlar bilan muloqot madaniyatiga e’tiborli bо‘lishi, ayniqsa, tadbirkorlikni qо‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlarni chuqur anglashlari  zarurligini  ta’kidladi.

“Tadbirkor – jigarimiz.  Jigaringiz og‘rishini xohlaysizmi?! Yо‘q, albatta. Shaxsan, men shunday hisoblayman. Tadbirkor kecha-kunduz yelib-yugurib, tinim bilmay harakatda bо‘ladi. Qancha odamning bandligini ta’minlaydi, iqtisodiyotimizga  qancha foyda, naf keltiradi. Nega unga bepisand muomalada bо‘lish kerak?! Nega uni ishidan, biznesidan chalg‘itib, bо‘lar-bо‘lmas talablar qо‘yaverasiz?!    Ulari avaylash kerak, ehtiyotlash kerak.  Koriga yarash kerak. Issiq-sovug‘idan xabar olish kerak, bir sо‘z bilan aytganda, unga barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish kerak”. 

Ma’lumot uchun aytish kerakki, viloyat hokimi rahbarligidagi barcha sektor rahbarlari, Yakkabog‘da tashkil etilgan shtab-palatkada faoliyatlarini davom ettirishmoqda. Har bir tadbirkor yoki tadbirkorlikni boshlamoqchi bо‘lgan shaxslar, shuningdek, fuqarolarning turli masaladagi murojaatlari yuzasidan qabullar uyushtirilmoqda.  

                                                                                                     Viloyat hokimligi axborot xizmati.

 

 

30-07-2019 |
Foto galereya