Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash jarayonida bilimga chanqoq, intilishlari bisyor yoshlardan yuridik kollejlarga о‘qishga kirish tartibi borasidagi savollar tushib turadi. Shubhasiz, bu kо‘pchilikni qiziqtiradigan masala. Shu sabab ushbu savolga atroflicha javob topib, keng jamoatchilikka yetkazishni maqsad qildik.

Prezidentning 2018 yil 13 apreldagi "О‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar tо‘g‘risida"gi qarorida har bir viloyatda vazirlikning yuridik kollejlarini tashkil qilish nazarda tutilgan bо‘lib, shu asosda Qarshi iqtisodiyot kolleji Qashqadaryo viloyat yuridik kollejiga aylantirildi. Unda davlat xizmatlari, kadrlar masalalari, agrar sektor, shartnomaviy masalalar, notariat, advokatura va ijro yо‘nalishlari bо‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimi bо‘yicha yuridik kolleji direktori hisoblanadi. Muassasaga qabul har bir hududning yurisprudensiya sohasi bо‘yicha о‘rta maxsus ta’limga ega bо‘lgan kadrlarga ehtiyojiga qarab, Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan kvotalar doirasida amalga oshiriladi. О‘qish tо‘lov kontrakt asosida tashkil etiladi. Kollejni bitirgan yoshlar 2020/2021 о‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetiga hududiy adliya organlarining tanlov asosida beriladigan yо‘llanmalari bilan test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat о‘tkazish orqali bakalavrlar tayyorlashning maxsus uch yillik dasturi bо‘yicha qabul qilinadi. Bunda talaba о‘qishni tugatgach, yо‘llanma asosida yuborilgan tashkilotda uch yil davomida uzluksiz ishlab berish majburiyatini oladi.

 Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 oktabrdagi "О‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlarida о‘qishni tashkil qilish choralari tо‘g‘risida"gi qarori bilan unga о‘qishga qabul qilish tartibi tо‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi va 2019 yil 1 apreldan kuchga kirdi.

Xо‘sh, Adliya vazirligining yuridik kollejlariga о‘qishga kirish uchun abituriyentdan qanday hujjatlar talab qilinadi?

Nizom asosida belgilangan tartibga kо‘ra, qabul komissiyasi  abituriyentdan tasdiqlangan shakldagi ariza, 11-sinf yoki о‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asli va nusxasi, 3,5x4,5 santimetr о‘lchamli 6 dona rangli fotosuratni shaxsan taqdim etishni sо‘raydi. Agar asos bо‘lsa, hujjat topshiruvchi arizaga 1- yoki  2-guruh nogironi ekanligi, "Mehribonlik uyi"da tarbiyalanganligi tо‘g‘risidagi qaydni ham kiritishi kerak. Chunki, kam ta’minlangan oilalar farzandlari, "Mehribonlik uyi" tarbiyalanuvchilari, shuningdek, kо‘zi ojiz abituriyentlar umumiy qabul kvotalaridan tashqari, Adliya vazirligi tomonidan maxsus ajratilgan о‘rinlarga qabul qilinadi. Ularning о‘qishi qonun hujjatlariga muvofiq davlat granti asosida amalga oshiriladi.

Abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish tegishli о‘quv yilining 5 mayidan kechikmay tuzilgan muassasa qabul komissiyasi tomonidan 1 iyundan 20 iyungacha (shu kuni ham) qabul qilinadi. Qabul komissiyasi raisi va mas’ul kotibi adliya vazirining, qolgan komissiya a’zolari kollej direktorining buyrug‘i bilan tayinlanadi. Qabul muddati, kvota va yо‘nalishlar haqidagi ma’lumot ushbu komissiya tomonidan qabul boshlanishidan bir oy oldin kollej veb-saytida e’lon qilinadi.

Adliya vazirligi yuridik kollejlariga kirish imtihonlari "Huquqshunoslik" hamda "Ona tili va adabiyoti" fanlari bо‘yicha yozma shaklda о‘tkaziladi. Imtihon olishda 30 nafar abituriyentdan iborat guruhlar shakllantirilib, jarayon videotasvirga tushiriladi. Ikki soat davom etadigan imtihon 9.00 da boshlanadi va  8.30 dan keyin abituriyentlar binoga kiritilmaydi. Yana shunga о‘xshash odatiy cheklovlar ham mavjud bо‘lib, imtihon о‘tadigan binoga uyali telefon, kitoblar va shpargalkalar olib kirish kabilarga yо‘l qо‘yilmaydi. Natijalarni baholash "Huquqshunoslik" fani bо‘yicha 0 dan 100 ballgacha, "Ona tili va adabiyoti" fani bо‘yicha esa 0 dan 50 ballgacha bо‘ladi. Yozma imtihon qayta о‘tkazilmaydi.

Nizomda apellyatsiya shikoyatlarini hal etish tartibi ham belgilangan bо‘lib, uni kollej direktorining buyrug‘i bilan tuziladigan apellyatsiya komissiyasi kо‘rib chiqadi. Abituriyent imtihon natijalaridan norozi bо‘lgan taqdirda, u e’lon qilingan kundan boshlab ikki ish kuni mobaynida apellyatsiya shikoyati berishi mumkin. Apellyatsiya shikoyati ikki ish kunidan ortiq bо‘lmagan muddatda kо‘rib chiqiladi va natijasi bо‘yicha qaror qabul qilinadi.

Umuman, Adliya vazirligi yuridik kollejlarining tashkil etilishi sohada kadrlarga bо‘lgan talabni kelgusida samarali qondirish imkonini berishi bilan ahamiyatli bо‘ldi.

A.OMONOV, huquqshunos

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

12-06-2019 |
Foto galereya