Yoshlarning ish bilan bandligi, mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol ishtirokini ta’minlashda ularni tadbirkorlikka jalb etish eng ustuvor yо‘nalishlardan biri sanaladi. Shunga monand  yurtimizda yosh tadbirkorlar uchun qator imtiyoz va qulayliklar yaratilmoqdaki, bu ularning sohaga qiziqishini yanada oshirayapti.

Nishonlik Jasur Ergashev ham kollejni bitirgach, biror tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish istagida yurardi. О‘tgan yili Prezidentimiz tashabbusi bilan "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasi tashkil etilib,  о‘z biznesini boshlash istagidagi yoshlar uchun imtiyozli kreditlar berila boshlangach, uning bu maqsadi yanada qat’iylashdi. Zarur texnologiyani xarid qilib, zamonaviy paypoqlar ishlab chiqarish faoliyatini yо‘lga qо‘yish rejasi bilan jamg‘armaning tuman bо‘limiga murojaat qildi.

- Biznes-rejam jamg‘arma tomonidan ma’qullanib, 60 million sо‘m imtiyozli kredit ajratildi, - deydi Jasur Ergashev. - Bunga о‘z sarmoyamni ham qо‘shib, maxsus texnologiyani xarid qildim. Bu texnologiya yordamida istalgan shakl va о‘lchamdagi paypoqlarni ishlab chiqarish mumkin.

Ayni paytda yosh tadbirkor rahbarlik qilayotgan "Nuriston teks group" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli mо‘jaz korxonada paxta yoki paxta va sintetik tola aralashmasidan erkaklar, ayollar hamda bolalar uchun bir necha xil kо‘rinishdagi bejirim paypoqlar ishlab chiqarilmoqda. Bir oyda о‘rtacha 18-20 ming juft paypoq ichki bozorga yetkazib berilayapti. Tadbirkorning ta’kidlashicha, u endi yangi bozorlarni topish va ishlab chiqarish hajmini yanada oshirish harakatida.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.

Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

 

06-08-2019 |
Foto galereya