Qarshi shahridagi Amfiteatr oldidagi katta maydonda O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi tomonidan partiyaning g‘oya va maqsadlarini aholi ongiga singdirish, saylovoldi dasturini keng targ‘ib qilish maqsadida “Yangi davrga yangicha qarashlar bilan” deb nomlangan bayram tadbiri tashkil etildi. 

Shu kech mustaqil О‘zbekiston, saylovga oid pannolar, “Yangi О‘zbekistonni birgalikda bunyod etamiz!”, “O’zLiDeP kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qо‘llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun mas’uliyatni о‘z zimmasiga olgan yagona siyosiy partiyadir”, Birgalikda biz kuchmiz”, “O’zLiDePning munosib nomzodlari uchun ovoz bering!” degan shiorlar bilan bezatilgan maydon uzra о‘zgacha shukuh, shodumonlik va kо‘tarinkilik hukmron edi. Partiya ramzi tushirilgan mayka va kepkalarni kiyib olib, bо‘yinlariga sharflar о‘rab, bayroqchalarni hilpiratib yurgan yoshlar, shifokor, о‘qituvchi, fermeru tadbirkorlarga barcha havasu hayrat ila qaramoqda.  

Tadbirda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qо‘mitasi raisi Aktam Haitov sо‘z olib, barcha anjuman ishtirokchilarini partiyaning dasturiy maqsadlarini qо‘llab-quvvatlab, bayram tadbiriga qimmatli vaqtini ayamay tashrif buyurganliklari uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi. Yaqinlashib kelayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga bо‘lib о‘tadigan saylovlarga jiddiy e’tibor qaratilib, puxta hozirlik kо‘rilayotganligini ta’kidlab, saylovlarda partiyaning munosib nomzodlari uchun ovoz berishga chaqirdi. 

Shuningdek, tadbirda viloyat kengashi raisi Shuhrat Tursunov, Kitob tumanidagi 37-maktab direktori Lobar Rahimova va boshqalar sо‘zga chiqib, O’zLiDeP “Davlat ham, islohotlar ham avalo insonga xizmat qilishi kerak” degan g‘oya bilan siyosiy maydonga chiqayotganligi, erkinlik, erkin rivojlanish inson salohiyatining yangi qirralari, imkoniyatlarini rо‘yobga chiqarishning bosh omili bо‘lib¸ bu jarayonlarning bosh ijrochisi va lokomotivi tadbirkor va ishbilarmonlar ekanligini alohida ta’kidladilar. 

Bayram tadbirida “O’zLiDeP bilimdoni” viktorinasi ham о‘tkazilib, partiya tarixi va dasturiy maqsadlariga oid savollarga zukkolik bilan javob bergan yoshlarga kitoblar sovg‘a qilindi. Tashkil etilgan loteriya о‘yinida baxtli raqam egalari qimmatbaho sovg‘alar va kitoblar jamlanmasi bilan taqdirlandilar.

- Saylovlar mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning bardavomligi, yurt taraqqiyoti, el farovonligi yulidagi strategik vazifalarni amalga oshirishda ulkan ahamiyat kasb etadi,-deydi O’zLiDeP viloyat kengashi tashkiliy-partiyaviy ishlar bо‘limi mudiri Sarvar Bekmurodov. –Keskin raqobat, yangi qarashlar, zamonaviy siyosiy texnologiyalar asosida bо‘lib о‘tadigan bu yilgi saylovlarda g‘alaba qozonish oson bо‘lmaydi. Shuning uchun bu yilgi saylovoldi tashviqotlarini yuksak darajada о‘tkazishga harakat qilishimiz talab etilmoqda. Biz mamlakatimizdagi xalqimiz ishongan yagona siyosiy kuch ekanligimizni amalda isbot eta olishimiz kerak. Muttasil ravishda mahalla va qishloqlarda bо‘lib, xalqning qiynab kelayotgan muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish choralarini kо‘ryapmiz. Zero, muhtaram Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek: “Har qanday partiya zamon bilan hamnafas bо‘lib, uning о‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi”. 

Tadbir davomida vohaning el ardog‘idagi xushovoz xonandalari Shuhrat Dillayev, Xurshid Rustamov, repper Umid Shox va boshqalarning chiqishlarini bayram tadbiri qatnashchilari gulduros qarsaklar va olqishlar bilan qarshi olishdi. Dilrabo kuy-qо‘shiqlar raqslarga ulanib ketdi. Qashqadaryoda O’zLiDePning saylovoldi dasturi targ‘iboti doirasidagi tadbirlar viloyatning tuman va shaharlarida ham davom etmoqda.

 

03-10-2019 |
Foto galereya