Qarshi davlat universitetida "Oila va mahallalarda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tizimli tashkil etishda jamoat va davlat tashkilotlari hamkorligi" mavzusida о‘quv-seminar tashkil etildi.

Videoselektor tarzida о‘tgan о‘quv-seminarda viloyat hokimligi, Fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bо‘yicha viloyat kengashi, xotin-qizlar qо‘mitasi, "Nuroniy" jamg‘armasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bо‘limlari, Yoshlar ittifoqi, "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat kengashlari, tuman (shahar) bо‘limlari mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, viloyatimizda joriy yilning о‘tgan oylari davomida oila-turmush munosabatlari bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etgani uchun 402 nafar shaxs profilaktik hisobga olingan. Noqobil oilalar, ya’ni farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir kо‘rsatuvchi ota-onalar soni 205 nafarni tashkil etgan.  770 dan ziyod ajrim qayd etilgan.

- Jamoat tashkilotlarining о‘zaro hamkorlikdagi faoliyati sustligi ziyon keltirsa keltirdiki, manfaat bermadi, - deydi Fuqarolarning о‘zini о‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bо‘yicha viloyat kengashi raisining birinchi о‘rinbosari Qurbon Sariqov. - Oddiygina misol. Shu paytgacha agar yutuqlarga erishsak, "Buni men qildim!", deb jar solish ushbu tashkilotlarning barchasida uchrar va bu boshqa hamkorlarning xizmatiga soya solardi. Yoki aksincha biror kamchilikka uchrasak, "Bu jarayonga mening aloqam yо‘q", deb о‘zimizni ortga tortishimiz esa jamoat tashkilotlarining asosiy kamchiliklaridan bittasi edi. Bugun bu kabi kamchiliklarni bartaraf etish uchun о‘zaro hamkorlikni kuchaytirishni davrning о‘zi taqozo qilmoqda. Eng asosiysi, hamkorlikni kuchaytirib, yutuqlarni ham birga baham kо‘rish, mag‘lubiyatni ham birga tahlil qilish zarur.

Shuningdek, о‘quv-seminarda bugun tо‘y-hasham, marosimlarimizda be’mani orzu-havaslar, urf-odatlarga hurmatsizlik, ortiqcha rasm-rusumlar, dabdababozlik, begona udumlarga kо‘r-kо‘rona ergashilayotgani bо‘yicha ham tanqidiy fikrlar bildirildi.

SH.BOZOROVA.

 

02-11-2019 |
Foto galereya