Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani “Eski Yakkabog‘” qо‘rg‘onchasida viloyat rahbari Zafar Rо‘ziyev keng jamoatchilik vakillari, jurnalist, bloger hamda tadbirkorlar bilan uchrashdi.  “Obod qishloq” dasturini amalga oshirishda yо‘l qо‘yilgan kamchiliklar,  joriy yilning 21 iyul kuni “Eski Yakkabog‘” qо‘rg‘onchasida sodir bо‘lgan noxush  voqea yuzasidan о‘z munosabatini bildirar ekan, hamyurtlarimizdan, jurnalist, blogerlar hamda tadbirkorlardan uzr sо‘radi.

 

“Bu kabi holatlarning kelib chiqish sabablarini obdon tahlil qildim, xatolarimizni anglab yetdim. Titrab, butun vujudim bilan javob izladim. Yana  bir jihat bugungi kun  tadbirkori bunda ikki – uch yil ilgarigi  tadbirkordan tubdan farq qiladi. Bugunning tadbirkori Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan qanday foydalanishni biladi, nega endi biz bu ishga sovuqqonlik bilan qarashimiz kerak.

U qancha mexnat, sarf harajat evaziga oilasi, yashab turgan hududi farovonligi uchun hissa qо‘shayotgan bir paytda nega endi unga tо‘g‘anoq bо‘lishimiz kerak? Uzoqni о‘ylab, murosa madora hamda bosiqlik bilan muammoni  hal etish о‘rniga jizzakilik, qiziqqonlik qilish mana qanday oqibatlarga olib keldi. Yakkabog‘da bо‘lgan voqealar har birimiz uchun saboq bо‘ldi.  Har doim aholi bilan, kо‘pni kо‘rgan insonlar bilan kengashib ish yuritish kerakligini anglamoqdaman. Men viloyat rahbari sifatida hamisha tadbirkor manfaatini himoya qilishga, xalqimiz roziligi uchun xizmat qilishga tayyorman ”  deydi viloyat hokimi о‘z sо‘zida.

Uchrashuv ochiq oshkora, tahliliy ruhda, viloyat va mahalliy rahbarlar ishiga  tanqidiy nazar kо‘rinishida bо‘lib о‘tdi. Bloger, jurnalist, tadbirkorlar tomonidan savollar berildi. Achchiq va ochiq fikrlar bildirildi. Jurnalistlarga javob qaytarar ekan, viloyat rahbari “Eski Yakkabog‘” qо‘rg‘onchasida ayni kunda olib borilayotgan ishlar, tadbirkorlarga faoliyat yuritishi uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlar, aholi manfaatlari himoyasi uchun hamjixatlikda, kengashgan holda olib borilayotgan tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.

                                                                                                 Ziyoda Aminova

                                                                  Suratlarni Murod  Komilov olgan.

04-08-2019 |
Foto galereya