Aholiga arzon va sifatli mahsulotlar yetkazib berish, bozorlar tо‘kinligini ta’minlash farovonlikning asosiy mezonlari hisoblanadi. Dunyo miqyosida koronavirus pandemiyasi tufayli biir qator qiyinchiliklar davom etayotgan  ayni kunlarda mamlakatimizda oziq-ovqat dehqon bozorlarida yarmarkalarning tashkil etilishi narx-navoning barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.  

Viloyatimizda aholini sifatli oziq ovqat mahsulotlariga bо‘lgan talabini qondirish maqsadida fermer va dehqon xо‘jaliklari  tomonidan mavjud 15 dan ortiq  oziq-ovqat dehqon bozorlariga sabzavot va poliz mahsulotlari yetkazib berilmoqda. Bu esa tо‘kinchilikni ta’minlash, narx- navoning sun’iy oshib ketmasligining oldini olishda  muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, arzonlashtirilgan yarmarkalarning  yо‘lga qо‘yilgani dasturxonlar tо‘kin-sochin bо‘lishiga zamin hozirlashi bilan birga  odamlarning kayfiyatini ham kо‘tarmoqda. Bozorlardagi narx-navo  Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi va uning hududiy bо‘limlari, davlat soliq inspeksiyalari  hamda  mahalliy hokimiyat vakillari  tomonidan nazorat qilib borilayapti.

Aholini 27 xil  arzonlashtirilgan mahsulotlar  bilan uzluksiz   ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunga viloyatimizning barcha dehqon bozorlarida arzon va sifatli meva, sabzavot, poliz, gо‘sht, dukkakli mahsulotlar, parranda, baliq va boshqa mahsulotlarning  zaxiralari yaratilgan.   

Shuningdek, boshqarma va hududiy bо‘limlar xodimlari tomonidan dehqon bozorlari va savdo majmualari sotuvchilari bilan savdo-sotiq jarayonlarida uchraydigan noqonuniy holatlarning oldini olish, narxlarni asossiz oshirish, ularning sun’iy tanqisligini, manipulyatsiya va ajiotaj talabni vujudga keltirganlik uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarliklar haqida ogohlantirildi.

Bundan tashqari, dehqon bozorlarning kirish joylarida  departament  organlarining ishonch telefonlari  va savdo madaniyati  bilan bog‘liq axborotlar aks etgan lavhalar ilib qо‘yildi. Bu esa barchani hushyorlikka undaydi.

Fuqarolarimizdan bu borada noqonuniy holatlarga duch kelsalar, Departamentning viloyat boshqarmasining kunu-tun ishlaydigan 75-226-05-01 raqamli ishonch telefonlariga murojaat qilishlarini sо‘raymiz. Har bir murojaat tezkorlik bilan hal qilinadi.

 

Tо‘lqin Qurbonov,

Departamentning viloyat

boshqarmasi katta inspektori.

31-03-2020 |
Foto galereya