Qashqadaryo viloyatining Kasbi tumanida xorijlik investorlar ishtirokida xalqaro biznes forum bо‘lib о‘tdi.

Forumda Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Polsha kabi 7 ta davlatdan 20 ga yaqin investor hamda tumanda faoliyat yuritayotgan mahalliy tadbirkorlar ishtirok etdi.

Aytish joizki, tumanda tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, qulay investitsiya muhiti, investorlarga bir qator imtiyozlar yaratish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Singapur davlatining “INDORAMA AGRO” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxonasi paxta yetishtirish va qayta ishlash bо‘yicha 115,2 million AQSH dollari miqdorida tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritishni mо‘ljallamoqda. Mazkur korxona tomonidan joriy yilning yanvar-may oylarida loyihani amalga oshirish uchun 34 million AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiya kiritilishi hisobiga 1000 ta yangi ish о‘rni yaratildi.

Yana bir korxona “Myung Sung Placon LTD”kompaniyasi bilan 5 gektar yerda gidroponika usulida issiqxona qurish ishlari boshlab yuborildi.

Bundan tashqari joriy yilda Xitoy davlati kompaniyasining 5,7 million AQSH dollari miqdoridagi tо‘g‘ridan-tо‘g‘ri xorijiy investitsiyasi hisobiga “Big-REGION” mas’uliyati cheklangan jamiyatining loyiha qiymati 5,2 million AQSH dollari miqdoridagi jinsi matosi ishlab chiqarish loyihasi, Rossiyaning OOO “ALTAY RAY”  kampaniyasi bilan “ALTAY RAY”mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qо‘shma korxonasi tashkil etilib, qо‘shma korxona 2 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiya jalb etish hisobiga Don mahsulotlarini qayta ishlash va parrandachilikni yо‘lga qо‘yish loyihasi amalga oshiriladi.

Forum davomida tuman ikoniyalaridan kelib chiqqan holda investorlar kо‘plab loyihalarga qiziqish bildirdi.

- Kompaniyamiz asosan Osiyoda joylashgan davlatlarga energetika, gaz qazib olish va yetkazib berish yо‘nalishlariga investitsiya kiritadi va hamkorlikda ishlaydi, - deydi Hindistonning “NTPC Limited”kompaniyasi menejiri Alok Kumar. – Maqsadimiz О‘zbekiston bilan ham energetika sohasiga investitsiya kiritish va hamkorlik qilish. Boisi kompaniyamiz sifatli va zamonaviy elektro stansiyalar qurishda uzoq yillik tajribaga ega. Bugungi forum davomida ham kо‘plab loyihalar bilan tanishdik.Ajabmaski, kompaniyamizning mamlakatingizdagi dastlabki faoliyati shu tumandan boshlansa.

Ta’kidlash lozimki, tuman qishloq xо‘jalik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan. Shu bois hududda yiliga 90 ming tonna sabzi va boshqa qishloq xо‘jalik mahsulotlari yetishtiriladi. Lekin ularni qayta ishlaydigan birorta korxona mavjud emas. Forum davomida Koreyalik ishbilarmonlar mazkur yо‘nalishga qiziqish bildirishdi.

- Kompaniyamiz keng tarmoqli va dunyoning kо‘p mamlakatlarida juda kо‘plab loyihalarga investitsiya kiritadi va bevosita hamkorlik qiladi, - deydi “KG Networks GIS” kompaniyasi bosh direktori Kim Chjon Sok. – Masalan, elektr bilan ta’minlash, suv bilan ta’minlash, tog‘-kon sanoati, qayta ishlash, qurilish, loyihalashtirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va hokazo. Lekin kompaniyamiz keyingi yillarda Osiyo davlatlarida asosan qishloq xо‘jaligi sohasiga investitsiya kiritmoqda. Bugungi forumda ham ayni yо‘nalishdagi loyihalarni kо‘zdan kechirdik. Meva-sabzavotlarni qayta ishlash va sifatli saqlash yо‘nalishidagi loyihalarga investitsiya kiritishni mо‘ljallayapmiz.

Ma’lumot о‘rnida aytish lozimki, bugugi kunga qadar viloyatga tashrif buyurgan 180 dan ortiq xorijiy kompaniya vakillari bilan uchrashuv о‘tkazilib, viloyatning barcha tumanlari kesimida 132 ta qо‘shma va xorijiy korxonalar faoliyati yо‘lga qо‘yildi.

Shuningdek forum doirasida tashkil etilgan hunarmandchilik mahsulotlari yarmarkasi ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

                                                                                           Suratlarni Murodillo Komilov olgan.

                                                                                        Viloyat hokimligi axborot xizmati .

17-06-2019 |
Foto galereya