Kecha - 15 sentyabr kuni Qashqadaryo viloyati hokimligida xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashining navbatdagi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyada barcha darajadagi taʼlim muassasalarini bitiruvchi yoshlarni bandligini taʼminlash va kasb-hunarga o‘rgatishni tashkil etish chora-tadbirlari hamda viloyatda ko‘makka muhtoj bo‘lgan ishsiz yoshlarning ro‘yxatini shakllantirib, yangi tizim asosida ular bo‘yicha “Yoshlar daftari”ni yuritilishini yo‘lga qo‘yish hamda paxta mavsumida majburiy mehnatni oldini olish masalalari ko‘rib chiqildi.

- O‘tgan yilgidek bir dunyo vaʼdalarni berib, xalq oldida o‘z obro‘-eʼtiborlaringni bir pul qilmanglar, - dedi viloyat hokimi. - Targ‘ibot to‘g‘ri bo‘lsa pul topaman degan aholi tushunadi. Mana Koson tumanida xalqning o‘zi tashabbus bilan chiqdi "Dalalarimizga terim mashinalari kirmasin, o‘zimiz teraylik, oilamizga daromad bo‘ladi", deb.

Shuningdek, sessiya davomida Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev maktab, kasb-hunar kollejlari, akademik litsey va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilariva ularning ota-onalariga murojaat qildi. Murojaatda viloyat rahbari yoshlar bandligini taʼminlash masalasida deputatlar ham o‘z salohiyatini ko‘rsatishi, har bir deputat o‘z hududidan 5 nafar yoshlarni otaliqqa olishi, yoshlarning jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishida ko‘maklashishlari bo‘yicha o‘z takliflariga to‘xtalib o‘tdi.

Maʼlumot o‘rnida, shu kuni Xalqaro oliy o‘quv yurtlarining talabalari bo‘lgan qashqadaryolik yoshlarning ota-onalari bilan ham uchrashildi.

16-09-2020 |
Foto galereya