Joriy mavsumda viloyatimiz mirishkorlari 141 ming 800 gektar suvli hamda 63 ming gektar lalmi maydonda boshoqli don ekinlarini parvarishladi. Suvli yerga ekilgan bug‘doyning 38 ming 600 gektari ertapishar, 97 ming 50 gektari о‘rta pishar hamda 6150 gektari kechpishar navlar sanaladi.
Ayni paytda ertapishar navli hamda lalmi maydondagi boshoqli ekinlar pishib yetilmoqda. Bu esa soha xodimlari uchun yana bir muhim palla boshlanganini anglatadi. Har bir hudud uchun biriktirilgan mas’ullar va mutaxassislar tomonidan hosil tо‘liq pishgan maydonlar aniqlanib, о‘rimga kirishilmoqda.
G‘uzorlik dehqonlar ham bu yil jami 12 ming 800 gektar, shundan 8800 gektari suvli va 4 ming gektar lalmi maydonda g‘alla yetishtirdi. О‘tgan yili ob-havoning noqulay kelishi, suv tanqisligi bois tumanda dehqonchilik ishlari, jumladan, boshoqli don ekinlaridan ham kutilgan hosil olinmagan edi. Bu yil esa g‘allaning chо‘g‘i baland. Bundan ruhlangan fermerlar hosilni о‘z vaqtida yig‘ib olishga kirishgan.
- 43 gektar lalmi yer maydonimiz mavjud, - deydi fermer Renat Umirov. - Shundan 20 gektarida bug‘doy ekkan edik. Lalmi dehqonchilikning natijasi bahorning qanday kelishiga bog‘liq. Shukurki, bu yil yog‘ingarchilikning mо‘l bо‘lishi hosilga hosil qо‘shdi. Mana bugun о‘rimni boshladik. Har gektaridan 20 sentnerdan hosilni mо‘ljallab turibmiz. Bu belgilangan rejadan 4 marotaba kо‘p hosil kо‘taramiz, degani.
Ta’kidlash joiz, bu yil viloyatimiz fermerlari davlatga 798 ming 819 tonna don sotish bо‘yicha shartnoma tuzishgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, dalalarda hosilning bо‘liqligi kutilgan xirmon ortig‘i bilan kо‘tarilishidan darak bermoqda.
Jahongir BOYMURODOV
Sobir NARZIYEV olgan suratlar.
Qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida