An’anaga kо‘ra, har yili paxta yig‘im-terimi oldidan viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyev terimchilar bilan uchrashadi, ular bilan dildan suhbat qurib, sanoatimiz uchun о‘ta noyob hisoblangan paxta hosilini nes-nobud qilmasdan saranjomlab olishning ahamiyati xususida aytib о‘tadi.
Kasbi tumanidagi ana shunday mavsumoldi tadbir muhtasham “Sharshara” tо‘yxonasida bо‘lib о‘tdi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot kotibi xabar bermoqda.
Tadbirda viloyat hokimi sо‘zga chiqib, bu yilgi yig‘im-terim mavsumida ixtiyoriy ravishda aholi orasidan tuzilgan otryadlar kuchi bilan terib olinishini, birorta byudjet tashkiloti yig‘im-terimga jalb etilmasligini aytib о‘tdi. Viloyat hokimi о‘z sо‘zida paxtani qisqa muddatlarda saranjomlab olishda Kasbi tumanida hech qanday muammo bо‘lmasligini, chunki kasbiliklar о‘z kasbi orqasidan halol non topadigan mard va tanti insonlar ekanini, tumanda tuzilgan otryadlarga birlashgan terimchilar hosilni tez va soz saranjomlab olishning ahamiyati, bundan kelayotgan daromadning mamlakatimiz iqtisodiyoti va о‘zlari uchun nechog‘li muhimligini ta’kidladi. Shuning uchun ham ular uyushqoqlik bilan mehnat qilib, dalalarda sochilib yotgan rizq-nasibasini halol terib oladilar.
Viloyat hokimi tumanda tashkil etilgan 312 ta otryad rahbarlariga о‘z qо‘li bilan Qarshi shahrida ishlab chiqarilgan zamonaviy televizorlarni topshirdi. Terimoldi tadbiriga yig‘ilganlar bir piyola choyga taklif etildi. Kuy-qо‘shiqlar raqslarga ulanib ketdi.
Tumanda bu yil 45 ming tonna paxtani qisqa muddatlarda, yog‘in-sochinga qoldirmay terib olish uchun barcha zarur chora-tadbirlar belgilangan. 312 ta zvenoga birlashgan 34 ming nafarga yaqin terimchining unumli mehnat qilishi uchun imkoniyatlar yaratib beriladi. Ularga issiq ovqat tashkil etiladi. Ilg‘or terimchilar muntazam rag‘batlantirib boriladi.
Ahror SODIQOV, Qashqadaryo viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari.