Avval xabar qilinganidek, Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashining VI-chaqiriq 3 sessiyasi bо‘lib о‘tdi.
Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev yoshlar bandligini ta’minlash bо‘yicha 2020 yilga mо‘ljallangan “Manzilli reja” va “Yо‘l xaritasi” loyihalari haqida ma’lumot berdi.
Ma’lumki, Qashqadaryoda 3 million 200 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Shundan 18 yoshdan - 30 yoshgacha bо‘lgan yoshlar 391 ming 758 nafarni tashkil etadi.
Viloyat hokimligida 50 ta idora va korxona rahbarlari kiritilgan ishchi shtab tomonidan о‘tgan davr mobaynida viloyatda 36 ming 636 nafar band bо‘lmagan yoshlar aniqlandi. Ishchi shtab tomonidan ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan loyihalar ishlab chiqildi.
Manzilli rejaga kо‘ra, mazkur yilda viloyat va barcha tuman, shahar sektorlari nazorati ostida 26 ming 481 nafar yosh uchun ish о‘rinlari yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, 2020 yil dasturlar doirasida viloyatdagi yoshlar faoliyati uchun jami 85 milliard 200 million sо‘m miqdorida kredit ajratiladi. Xususan, 42 milliard sо‘m mablag‘ “Har bir oila tadbirkor” dasturi, 15 milliard 100 million sо‘m tijorat banklari krediti hisobidan va 28 milliard 100 million sо‘m “Yoshlar kelajagimiz” dasturi doirasida taqsimlanadi.
Sessiyada Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bо‘yicha maslahatchisining birinchi о‘rinbosari Ulug‘bek Islomovich Muxammadiyev ishtirok etdi.
Qashqadaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati