Viloyat hokimi Zafar Rо‘ziyev о‘sha, ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqalgach kо‘pchilik xabar topgan Eski Yakkabog‘ qо‘rg‘onchasidagi tadbirkor va tuman hokimining о‘rinbosari о‘rtasidagi mojaro ortidan  voqea joyiga borib, yuzaga kelgan muammolarga chek qо‘yish maqsadida aholi va mulkdorlar bilan yuzma-yuz uchrashdi.

Uchrashuv davomida hokim savdo dо‘konlari ogohlantirilmasdan va hech qanday kompensatsiya pullari tо‘lab berilmasdan buzilgan 30 nafar tadbirkor, tuman hokimligi vakillarining xо‘jasizlarcha harakatlaridan aziyat chekkan Nizom Vohidov, Dilfuza Boqiyeva, Farrux Jabborov, Zafar Jо‘rayev kabi uy-joy egalari bilan suhbatlashib, muammolarni muhokama qildi. Natijada turar joyi buzilgan 7  fuqaroga hamda hovli devorlari buzilgan 27 fuqaroga 1 milliard 700 million sо‘m kompensatsiya pullari tо‘lab beriladigan bо‘ldi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, tuman hokimligi mansabdori va mahalliy tadbirkor о‘rtasidagi mojaro yuzaga kelishiga sabab bо‘lgan ikki qavatli savdo va maishiy xizmat uyi hamda hududda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari о‘z о‘rnida qoldiriladigan bо‘ldi.

Shuningdek, Eski Yakkabog‘ qо‘rg‘onchasida "Obod qishloq" dasturi asosida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlarini muvofiqlashtirish, yuzaga kelayotgan bahsli masalalar va muammolarni joyida bartaraf etish maqsadida viloyat hokimining shaxsan о‘zi boshchiligida shtab tuzilgan.    

Ma’lumot о‘rnida: Eski Yakkabog‘ qо‘rg‘onchasi о‘zida Eski Yakkabog‘, Mustaqillik va Ibn Sino mahallalarini qamrab olib, hududda 15 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu yer bir paytlar tuman markazi ham bо‘lgan. Hududda 1 ta bolalar oromgohi, 1 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internati, 3 ta umumta’lim maktabi, 2-sonli tuman markaziy shifoxonasi, veterinariya bо‘limi, "Eski Yakkabog‘" oziq-ovqat dehqon bozori, oilaviy poliklinika va boshqa qator tashkilotlar idoralari joylashgan. 220 nafardan ziyod tadbirkor shu hududda faoliyat yuritmoqda.

qashqadaryogz.uz ma’lumotlari asosida

31-07-2019 |
Foto galereya